Yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ba’zi transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Avtomobil transportida yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Respublika yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish uchun kulay shart-sharoitlar yaratiladi, xalqaro transport xizmatlari bozorida mahalliy tashuvchilarning raqobatbardoshligi oshiriladi, eksport-import operatsiyalari qiymatida transport xarajatlari kamaytiriladi hamda tashqi bozorlarga yuklarni yetkazib berish muddatlari kqisqartiriladi.
Yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan quyidagi transport vositalarini (samosvallardan tashqari) 2027-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda ularga bojxona bojining va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi:
a) "Yevro-5" va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransport vositalari (TIF TH kodlari 8701 21, 8701 22, 8701 23, 8701 24);
b) to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 metr kub bo‘lgan yarim tirkamalar (TIF TH kodi 8716 39).
Avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida eksportga realizatsiya qilinganda yoki qayta jihozlash TIF TH kodi o‘zgarishiga olib kelganda (yoqilg‘i turini o‘zgartirish bilan bog‘liq qayta jihozlash holatlari bundan mustasno), ushbu qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli to‘lovlar belgilangan tartibda undiriladi.
O‘zA