Yozuvdagi yagona me’yor – til taraqqiyotining muhim sharti
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yozuvda qulaylikni ta’minlash, harflarning ifodalanishini aniqlashtirish va yagona imlo me’yorlarini shakllantirishdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunning qabul qilinishi ona tilimizning yozuv madaniyatini rivojlantirish, imlo qoidalarini takomillashtirish va yagona yozuv me’yorlarini shakllantirish yo‘lidagi muhim masalalardan biri sifatida qaralmoqda.
Ushbu qonunning mazmun-mohiyati, avvalo, o‘zbek tilining milliy xususiyatlarini yozuvda to‘g‘ri ifodalash, alifbodan foydalanishdagi qulaylikni oshirish hamda ta’lim, ilm-fan, rasmiy ish yuritish va raqamli axborot almashinuvida yagona yondashuvni ta’minlash kabi vazifalar bilan bog‘liqdir.
Ma’naviy boyligimiz bo‘lgan tilimizni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelajak avlodga munosib tarzda yetkazish har birimizning burchimiz hisoblanadi. Shu bois o‘zbek tilining yozuv tizimini takomillashtirish, alifbodagi mavjud muammolarga yechim topish nafaqat tilshunoslar, balki butun jamiyat uchun muhim masala bo‘lib keldi.

Yangilangan alifboda ayrim harflarning yozilishini takomillashtirish orqali o‘zbek tiliga xos tovushlarni ifodalashda qulaylik yaratishga e’tibor qaratilgan. Bu masala, ayniqsa, ta’lim jarayonida, darsliklar tayyorlashda, kitob nashrida, rasmiy hujjatlar yuritishda va raqamli texnologiyalardan foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Alifbodagi harflarning aniq va o‘ziga xos shaklda qo‘llanilishi yozuvda turlicha talqinlar yuzaga kelishining oldini olishga, matnlarni to‘g‘ri o‘qish va tushunishga yordam beradi. Zero, yozuvdagi izchillik savodxonlikni oshirish, axborot almashinuvini yengillashtirish va ona tilimizning imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun zarur shartlardan biridir.
Albatta, alifbodagi o‘zgarishlarni amaliyotga tatbiq etish muayyan vaqt va izchil yondashuvni talab etadi. Amaldagi hujjatlar, darsliklar va boshqa materiallarni belgilangan tartibda, bosqichma-bosqich yangilab borish ta’lim muassasalari, nashriyotlar, tashkilotlar va fuqarolar uchun moslashish jarayonini yengillashtiradi.
Eng muhimi, alifboni takomillashtirish jarayonida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, o‘qituvchilar va til mutaxassislariga zarur metodik yordam ko‘rsatish, yagona imlo qoidalarini keng targ‘ib qilish lozim. Shunda yangilanishlar hayotga izchil tatbiq etilib, yozuvdagi chalkashliklarni bartaraf etishga erishiladi.
E’tiborli jihati shundaki, ko‘p yillardan buyon jamoatchilik, ziyolilar va mutaxassislar o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelgan o‘zbek alifbosi masalasiga yechim topildi. Endi asosiy vazifa – qabul qilingan huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash, ularda belgilangan talablarni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish, ona tilimizning nufuzini yuksaltirish va yozuv madaniyatini yanada rivojlantirishdan iborat. Zero, mukammal alifbo va yagona imlo me’yorlari savodxonlik, ma’naviy taraqqiyot hamda milliy o‘zligimiz ravnaqining muhim asoslaridandir.
Isroiljon Jo‘rayev,
“Adolat” sotsial demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi raisi
O‘zA