Yozgi ta’til – imkoniyatlar davri (+video)
Yozgi ta’til – nafaqat dam olish, balki bolalar uchun yangi ko‘nikmalar, bilim va do‘stlar orttirishga yo‘l ochadigan davr.
Uchtepa tumanidagi umumta’lim maktablarida aynan shu g‘oya asosida faoliyat yuritayotgan yozgi oromgohlar, turli fan, sport hamda ijodiy to‘garaklar bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qilmoqda.
Uchtepa tumanidagi 14-maktabda hozirda 1 ming 185 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktab direktori Dilafro‘z Abdiyevaning aytishicha, ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun ta’lim va tarbiyaviy mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Maktabda fanlarga oid, sport va IT yo‘nalishlaridagi to‘garaklar faoliyat olib bormoqda. Ayniqsa, “Robototexnika” IT to‘garagi bolalarning zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, “Ravnaq” o‘quv markazi bilan hamkorlikda aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Markaz o‘qituvchilari maktabga kelib, dars berishmoqda.
Sport yo‘nalishida esa futbol va karate to‘garaklari faol yo‘lga qo‘yilgan. Murabbiylar bolalarning jismoniy faolligini oshirishga katta hissa qo‘shmoqda. Maktab “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda ishlayotgani va onlayn darslar ham yo‘lga qo‘yilgani zamonaviy va moslashuvchan ta’lim modeli namunasidir.
Uchtepa tumanida joylashgan 129-sonli maktabda ham “Boychechak” nomli yozgi oromgoh tashkil etilgan bo‘lib, 200 ga yaqin o‘quvchini qamrab olgan. Maktabda fan va sport to‘garaklari bilan birga, ijtimoiy-psixologik rivojlanishga xizmat qiluvchi mashg‘ulotlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shaxmat, shashka, yosh kitobsevarlar, robototexnika, raqs, ingliz va rus tili to‘garaklari har kuni bolalarning intellektual va ijodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Yozgi to‘garaklar o‘quvchilarda yangi ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy jihatdan faol bo‘lishlariga katta ta’sir ko‘rsatmoqda, – dedi maktabning Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilnoza Yusupova.
Shuningdek, ingliz tili va matematika fanlari o‘qituvchilari ham bolalarning qiziqishi va o‘zlashtirishi yuqoriligini e’tirof etishdi. Ota-onalar esa maktabda yaratilgan sharoit vaimkoniyatlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Ta’limda davomiylik va mazmunlilik – kelajak uchun poydevor. Uchtepa tumanidagi 14- va 129-maktablarda tashkil etilgan yozgi oromgohlar faoliyati bolalarning nafaqat bilim, balki ijtimoiy va ruhiy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zaro hamkorlikda yaratilayotgan bu imkoniyatlar, albatta, kelajak avlod ma’naviy yuksalishi uchun mustahkam zamin bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/e3freeje2zY" title="Yozgi ta’til – imkoniyatlar davri" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nazokat Normamatova, Lobar Normamatova, O‘zMU talabalari