Yoshlikda yosh bo‘lgan yaxshidir
Kecha Singapurning Toshkentdagi TMC institutida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik tanlovining fakultetlararo bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Iqtisod va Pedagogika yo‘nalishi talabalari o‘zaro kuch sinashdilar.
Muhtaram Prezidentimiz Yoshlar masalasini, xususan ularning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish zarurligini tez-tez ta’kidlaydilar. Shu ma’noda, bugun TMC institutida bo‘lib o‘tgan tadbir ham Prezident fikrlariga hamohang bo‘ldi.
Tanlovda institutning “Parlament” va “Feniks” jamoalari bellashdilar. Talabalarning har bir shart bo‘yicha chiqishlari ma’noga boy, bugungi talabalar faoliyatidagi kamchiliklarni fosh etishga qaratilgan va shuningdek yumor ruhida bo‘ldi.
Talabalar sahna ko‘rinishlari orqali yuksak aktyorlik salohiyatiga ega ekanligini isbot qilishdi. “Feniks” jamoasidan Shalola Islomova, Shahzoda Sayfiddinova, Fazilat Ro‘zmatova, Soliha Sulaymonova, Mubina Mahmudovalar faol ishtirok etib, o‘zlarining ham quvnoq, ham zukko ekanliklarini namoyish etdilar.
“Parlament” jamoasidan esa Diana To‘rayeva, Nozima Abdukarimova, Ibrohim Ziyodullayev, Shuhrat Karimov, Abror Pardayevlar faol ishtirok etishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, talabalar nafaqat ilm olishda, balki san’atda ham hech bir mubolag‘asiz juda mahoratli ekanliklariga amin bo‘ldik.
“Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi shoirning “Yoshlikda yosh bo‘lgan yaxshidir” satrini esga soldi. Ulardagi jo‘shqinlik, qaynoqlik, zavqni ko‘rib, beixtiyor “Ofarin, yoshlik” deysan kishi.
Oydin Yo‘ldosheva, O‘zA