“Yoshlik” ko‘chasida 24 soatlik faol hayot
O‘zbekistonda shahar muhitini yangicha mazmun bilan boyitish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiy faollikni sutkaning barcha soatlariga kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ana shunday strategik yondashuvlar zamirida mamlakatimizda “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ya’ni sutkaning 24 soatida ham faoliyat ko‘rsatadigan ko‘chalar va jamoat makonlarini shakllantirish g‘oyasi ilgari surildi.
Mazkur konsepsiya milliy darajada Strategik islohotlar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u shaharsozlik, xizmatlar sohasi, gastronomik va madaniy turizmni uyg‘un rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Bugun bu tashabbus joylarda aniq loyihalar, amaliy qarorlar va keng qamrovli bunyodkorlik ishlari orqali hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu ma’noda, Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik. Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev tashabbusi bilan viloyat markazi — Jizzax shahrida zamonaviy shahar hayoti talablariga javob beradigan, 24 soat faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘cha tashkil etish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘yildi. Mazkur tashabbus mahalliy ijro hokimiyati darajasida huquqiy jihatdan mustahkamlanib, Jizzax shahar hokimining 2025 yil 23 iyundagi qarori bilan rasman tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, shahar hududida xizmatlar sohasini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi uchun qulay shahar muhitini yaratish maqsadida “Zargarlik” mahallasi hududida joylashgan “Yoshlik” (“Talabalar”) ko‘chasi tun-u kun faoliyat ko‘rsatuvchi, savdo, ko‘ngilochar va gastronomik hudud sifatida belgilandi.
Ayni kunlarda mazkur hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilgan. Loyiha doirasida ko‘cha zamonaviy dizayn va arxitektura yechimlari asosida qayta shakllantirilmoqda. Bu yerda kutubxona, savdo do‘konlari, kafe va umumiy ovqatlanish maskanlari, amfiteatr, sport maydonchalari, veloyo‘laklar hamda dam olish uchun mo‘ljallangan ochiq jamoat makonlari, musiqali favoralar barpo etiladi. Barcha ishlar aholi uchun xavfsiz, qulay va jozibali muhit yaratishga qaratilgan.
Loyihaning yana bir muhim jihati — shahar madaniy hayotiga yangi nafas bag‘ishlaydigan infratuzilmaning yaratilishidir. Xususan, yillar davomida turli bayram tadbirlari va konsert dasturlariga mezbonlik qilib kelgan Forum majmuasi o‘rnida endilikda 3 ming o‘rinli, zamonaviy talablarga javob beradigan yangi majmua qad rostlaydi. Bu inshoot nafaqat Jizzax shahri, balki butun viloyatning madaniy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhim jihat shundaki, “Yoshlik” ko‘chasi kelgusida transport qatnovi uchun qayta ochilmaydi. U to‘liq piyodalarga mo‘ljallangan, sokin, xavfsiz va aholi gavjum jamoat makoniga aylantiriladi. Bu esa jizzaxliklar, shahar mehmonlari, mahalliy va xorijiy turistlarga sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlagan holda, kechki sayr qilish, dam olish va madaniy hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Strategik rejalarga ko‘ra, 2030 yilga borib respublika bo‘ylab bunday ko‘chalar va iqtisodiy zonalar soni 320 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu doirada 8 mingdan ortiq 24 soat ishlaydigan kafe va restoranlar, 14 ming 200 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, 755 ta avtohavza hamda zamonaviy transport infratuzilmasi tashkil etilishi, yiliga taxminan 190 ming nafar mahalliy va xorijiy turist jalb qilinishi, 11 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Jizzax shahrida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha milliy darajada ilgari surilgan tungi iqtisodiyot konsepsiyasining joylardagi amaliy ifodasidir. U shahar ko‘chalarini faqat harakat yo‘li emas, balki iqtisodiy faollik, ijtimoiy muloqot va madaniy hayot markaziga aylantirishni maqsad qiladi. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, tadbirkorlik faolligining oshishi va sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qiladi.
Kundan-kunga ko‘rkamlashib borayotgan Jizzax shahri qiyofasidagi bu o‘zgarishlar zamirida bitta ustuvor maqsad mujassam — inson manfaati, aholi farovonligi va yurtimiz taraqqiyoti. Shubhasiz, bu ezgu ishlar o‘z samarasini beradi va Jizzaxni 24 soat hayot qaynab turadigan zamonaviy shaharlar qatoridan munosib o‘rin egallashga olib chiqadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri