Yoshlarning murojaatlari ijobiy yechim topdi
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov yoshlarning muammolari bilan tanishish, ularni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida yoshlar bilan uchrashdi.
–Anchadan beri uyda o‘tirib farzandimni parvarish qilish barobarida tikuvchilik kasbi bilan ham shug‘ullanib kelaman, –deydi Eski qal’a mahallasida yashovchi Jumagul Toshtemirova. –Ammo tikuv mashinam eskirgani ishimni rivojlantirishga halal berayotgan edi. Menga subsidiya asosida yangi tikuv mashinasi olib berilishi ishimning sifatini yanada oshirdi. Shu bois biz kabi ishsiz yoshlarga ko‘rsatilayotgan beminnat g‘amxo‘rlikdan minnatdormiz.
[gallery-16623]
– Yaqinda tumanimizdagi IT markaziga ishga kirdim, – deydi Zarafshon mahallasida yashovchi Behro‘z Fatullayev. – Ushbu sohada ustozlarimdan olgan katta ilm va tajribamga tayanib, yoshlarga IT sohasini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatadigan maxsus mobil ilova yaratdim. Ushbu ilovaning ahamiyati shundaki, u orqali barcha qiziquvchilar uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul IT ni o‘rganish imkoni yaratiladi. Mazkur ilovaning tuman hokimi boshchiligidagi mutasaddilarga taqdimotini o‘tkazdim. Ularga ham ma’qul keldi. Mobil ilovani yoshlar orasida ommalashtirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda yigirmaga yaqin yoshlar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar, takliflari bilan mas’ullarga murojaat qildi. Murojaatlar esa joyida yechim topdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari