Yoshlarning muammolariga yechim izlandi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida viloyat 4-sektori rahbari – viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Botiraliyev yoshlar bilan uchrashdi.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi mutasaddilari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, yuz nafardan ziyod yoshlar ishtirok etgan tadbirda bir qator dolzarb masalalar muhokama etildi.
Dastlab sektor rahbari soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, soliq to‘lovchining uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilganligi, to‘lov kontrakti bo‘yicha belgilangan imtiyoz ta’lim kreditini qoplashga yo‘naltirilgan mablag‘larga nisbatan ham tatbiq etilishi, shuningdek, soliq tizimida “E-ijara”, “E-aktiv”, “E-imtiyoz” kabi elektron, axborotlashgan xizmatlar ishga tushirilganligi soliq to‘lovchilarning elektron xizmatlardan samarali foydalanishi, ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.

Uchrashuvda yoshlar zamonaviy kasblarga o‘qitish, savdo faoliyatini kengaytirish uchun yer-joy ajratish, oliy o‘quv yurti bilan tuzilgan shartnoma to‘lovini to‘lab berish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh bino, subsidiya, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kredit, jumladan, novvoychilik faoliyatini kengaytirish uchun xamir qorish uskunasi olishda imtiyozli kredit ajratish kabi masalalarda murojaat qildi.

– Tadbirda mahallamiz yoshlarining Samarqand shahriga ziyoratini tashkil qilishda avtobus ajratib berish masalasida murojaat qildim, – deydi Navoiy shahar “Umid” mahallasi yoshlar yetakchisi Boburmirzo Jaloliddinov. – Ushbu masala shu yerning o‘zida qo‘llab-quvvatlanib, maxsus avtobus ajratiladigan bo‘ldi. Endilikda mahallamizning bir guruh yoshlari ichki turizm doirasida ko‘hna shaharga sayohat qilib, muqaddas qadamjo va obidalarni tomosha qiladi.

Shuningdek, uchrashuvda Malika Dehqonova va Shahrizoda Donoqulovalarning zamonaviy kasbga o‘qitish borasidagi murojaatlari ham ijobiy hal etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan yo‘llangan barcha murojaat va takliflar hamda ko‘tarilgan muammolar qat’iy nazoratga olinib, qisqa muddatda hal etish choralari ko‘riladigan bo‘ldi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA