Yoshlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi oshirildi
Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida yoshlar o‘rtasida “Volontyor-qutqaruvchi” musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi shiddatli davrda turli tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishda ko‘ngillilarning o‘rni beqiyosdir. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida qutqaruvchilik madaniyatini shakllantirish, ularning ekstremal sharoitlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Shu maqsadda, yurtimizning barcha hududlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Volontyor-qutqaruvchi” musobaqasining hududiy bosqichlari start oldi. Ushbu bellashuvlar nafaqat yigit-qizlarning jismoniy va amaliy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazmoqda, balki ularda inson hayotini saqlab qolishdek oliyjanob mas’uliyatni ham yuksaltirmoqda.

Musobaqa davomida ishtirokchilar favqulodda vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri harakat qilish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish hamda turli amaliy topshiriqlarni bajarish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Qayd etilganidek, mazkur musobaqa yoshlarning chaqqonligi, jamoaviy hamkorligi va mas’uliyatini oshirish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA