Yoshlarga ishonch — taraqqiyotning eng mustahkam kafolati
Bugun Yangi O‘zbekistonda yoshlarning bilimli, raqobatbardosh va munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilinayotgan qaror va dasturlar zamirida bir ezgu g‘oya mujassam: har bir yosh o‘z bilim va salohiyatiga munosib o‘rin topishi, o‘z kelajagini Vatan taraqqiyoti bilan bog‘lashi kerak. Shu bois mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda bitiruvchilarning taqdiri faqat statistik raqam sifatida emas, balki har bir yosh insonning kelajagi, orzu-intilishlari va hayotiy maqsadlari sifatida baholanmoqda.
Ana shu ezgu siyosatning amaldagi yana bir yorqin ifodasi sifatida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev Romitan tumanida bo‘lib, tuman hokimi Umidjon Barnoyev hamda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Jamshid Tohirov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro davlat texnika universitetini joriy yilda tamomlagan, Romitan tumanida yashovchi bitiruvchilarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga, ayniqsa sohaviy muassasalarga ishga joylashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shundan so‘ng rektor boshchiligidagi ishchi guruh bitiruvchilarning xonadonlarida bo‘lib, ularning bandlik holatini o‘rgandi. Har bir yosh bilan yuzma-yuz muloqot qilindi. Mutaxassisligi, kasbiy qiziqishlari, mehnat faoliyatini boshlash istagi va imkoniyatlari sinchiklab tahlil etildi. Bu esa har bir bitiruvchiga individual yondashuv asosida amaliy yechimlar taklif etilishini ta’minladi.
E’tiborlisi, mazkur jarayon rasmiy tadbir bilan cheklanib qolmadi. Mas’ullar tomonidan har bir bitiruvchini munosib ish o‘rni bilan ta’minlash, uning bilim va malakasidan samarali foydalanish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Bu esa yoshlarning mehnat bozoriga tez moslashishi, o‘z kasbi bo‘yicha faoliyat boshlashi va kelajakka ishonch bilan qadam tashlashi uchun mustahkam zamin yaratadi.

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim jihati ham shundaki, ularning markazida inson qadri, ayniqsa yosh avlod manfaatlari turadi. Zero, har bir ish bilan ta’minlangan yosh — bu bitta oilaning farovonligi, mahallaning rivoji va butun mamlakat kelajagiga qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Malakali kadrlar safining kengayishi esa sog‘liqni saqlash, ta’lim, sanoat va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida sifat jihatidan yangi bosqichni ta’minlaydi.
Romitanda amalga oshirilgan mazkur manzilli ishlar ham davlat rahbarining yoshlarga oid siyosati hududlarda izchil va samarali hayotga tatbiq etilayotganining yorqin namunasidir. Bu kabi tashabbuslar bir tomondan bitiruvchilarning bandligini ta’minlasa, ikkinchi tomondan hududlarni malakali kadrlar bilan mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri