Yoshlarga bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tuman prokuraturasi hamda tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 55 ta korxona va tashkilot vaqtincha ishsiz yoshlarga 266 ta bo‘sh ish o‘rnini taklif etdi.



Shu kuni mehnat yarmarkasidagi ish o‘rinlari bilan tanishgan 140 dan ortiq yigit-qizning 12 nafari korxona va tashkilotlarda o‘zlariga munosib ishga joylashadigan bo‘ldi. 11 nafariga tumandagi “Ishga marhamat” monomarkazida kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish kurslariga yo‘llanma berildi. 42 nafariga mehnat qonunchiligi bo‘yicha maslahat berilib, huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, bir nafari o‘zini-o‘zi band qilishi uchun zanjirli arra bilan ta’minlandi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan to‘rt nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinasi, 2 nafar yoshga payvandlash uskunasi topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri