Yoshlardan yangi gʻoya va tashabbuslar kutilmoqda
Kelajakda ulardan yangi gʻoyalar, takliflar va mulohazalar kutib qolamiz.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti”ga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan aʼzolar uchun “Yoshlar parlamenti” aʼzolari va partiya hamkorligi: maqsad, vazifa, rejalar” mavzusida birinchi onlayn-seminar oʻtkazildi.
Tadbir avvalida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov “Yoshlar parlamenti” va partiya hamkorligini yana-da kuchaytirish, aʼzolarni qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etish va qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targʻib qilish orqali parlament hayotiga daxldorligini yana-da oshirish zarurligini taʼkidlandi.

– “Yoshlar parlamenti”ga bir oy davom etgan saylovlarda mamlakatimiz boʻylab turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 11 mingdan ziyod yosh orasidan 250 nafar aʼzo saylandi, – dedi Oʻzbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi oʻrinbosari Abdukamol Rahmonov. – Shular orasidan 46 nafari bizning partiyamiz faoli hisoblanadi. Bu yoshlardan umidimiz katta. Kelajakda ulardan yangi gʻoyalar, takliflar va mulohazalar kutib qolamiz.
“Yoshlar parlamenti”ning rejalari haqida soʻz yuritildi. Faol va tashabbuskor yoshlardan iborat “Yoshlar klubi”ni tashkil etish, tumanlardagi yoshlarning siyosiy faol qatlamga aylanishi uchun ularni birlashtirish, har oyda bir marta yoshlar bilan “Ochiq muloqot” tadbirlarini oʻtkazish tashabbuslari bildirildi.

“Yoshlar parlamenti” aʼzolarining har oyda oʻz hududidagi kamida ikki nafar yoshning muammolarini oʻrganish taklifi oʻrinli deb baholandi. Yoshlar muammolarining yechimiga qaratilgan yangi, natijador loyihalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishga kelishib olindi.
Muhokamalar jarayonida “Yoshlar parlamenti” aʼzolarining partiya bilan hamkorligi va ularning oldida turgan muhim vazifalar tahlil etildi. Bahs-munozaralarda har bir ishtirokchi oʻz nuqtayi nazarini bildirdi.
