Yoshlar – yurt tayanchi, kelajak poydevori
Yoshlar – millat va yurt istiqbolini belgilovchi ulkan kuch. Mamlakatimiz ertasi va buyuk kelajagini yoshlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, o‘z yurti manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi doim davlat siyosati darajasidagi muhim vazifa bo‘lib kelgan.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasida “Adolatchi yoshlar – partiyamiz tayanchi va kelajagimiz poydevori” mavzusida taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, partiya Markaziy apparati mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Siyosiy Kengash raisi Robaxon Mahmudova yoshlarni bayram bilan qutladi. Mamlakatimizda bugun yoshlar masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangani, joriy yilga “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nom berilishi ham ushbu e’tiborning amaldagi namunasi ekanligini ta’kidladi.
[gallery-18078]
Darhaqiqat, keyingi yillarda yigit-qizlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyat va shart-sharoitlar, ularning o‘qib-o‘rganishi, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishi uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rlik nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyatini ham o‘ziga jalb etayotir.
Tadbirda partiya tizimida faoliyat olib borayotgan “Yosh adolatchilar” qanoti faollari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zolari mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir so‘nggida, bir guruh faol yoshlar partiya tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Kamola Yusupova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA