Yoshlar yetakchilari har sohada peshqadam
Mamlakatimizda yil sayin yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish, o‘qish, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Ayniqsa, uyushmagan va mahalla yoshlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, bu sa’y-harakatlarda Toshkent viloyatidagi 1 ming 25 ta mahallada yoshlar yetakchilari tomonidan hudud yigit-qizlarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, oxirgi 6 oyda 6 ming 792 nafar yoshga turli yo‘nalishlarda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 17 milliard 32 million so‘m mablag‘ evaziga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Bundan tashqari 10 ming 12 nafar ishsiz yoshning 7 ming 501 nafarining bandligi ta’minlandi. Yoshlar ishlari agentligining loyiha va tashabbuslari doirasida “Ibrat farzandlari” loyihasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ibot qilish maqsadida 168 mingdan ziyod yoshlarga til o‘rgatish rejalashtirilgan. Hozirda shulardan 21 ming nafaridan ziyodiga til o‘rgangani bo‘yicha sertifikat taqdim etildi. Mazkur natijalarda aynan joylardagi yetakchilarning o‘rni katta. Jumladan, Bo‘ka tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida ish boshlagan Shohruh Hakimov ilgari novvoyxonada ishlagan.

– Mahallamizda yaqin yillar ichida amalga oshirilgan ishlar haqida uzoq gapirish mumkin, – deydi yoshlar yetakchisi Sh.Hakimov. – O‘tgan yildan beri mahallada yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14-30 yoshdagi 620 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga individual biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 13 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi. Joriy yil ham 524 nafar yosh muammolarini hal qilish borasida ish olib borilmoqda. Bo‘stonliq tumanidagi Xo‘jaobod mahalla yoshlar yetakchisi Ruhshona Ahrorovaning hududida 802 nafar yigit-qiz yashaydi.

– Mahallamizdan xorijga ketgan yoshlarning 5 nafari qaytarilib, ishga joylashtirildi, – deydi R.Ahrorova. – “Og‘ir” toifadagi jami 14 nafar yoshga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalari shu kunlarda qizg‘in pallaga kirdi. Unda yigit-qizlar faol qatnashmoqda. Jumladan, Bonu Komiljonova “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egalladi. Umuman olganda, viloyatda yoshlar siyosatiga oid amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda va bunda “mahalla yettiligi” safida tinimsiz ishlayotgan yoshlar yetakchilarining o‘rni katta.
A.Musayev,O‘zA.