Yoshlar uchun yana bir imkoniyat
Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan poytaxtlik yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish uchun yangi loyiha e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahrida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar uchun qiziqishlari asosida 3 oylik kasb-hunar o‘rganish imkoniyati yaratildi. Xo‘sh bu loyiha yoshlarimizga nima beradi? Biz Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Abdulaziz Nazirov bilan suhbatlashdik.
– Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahri boshqarmasi tomonidan yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi Abdulaziz Nazirov. –Ayni paytda hududda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami yoshlar 31 ming 558 nafarni tashkil etadi. Shundan 30 mingdan ortiq yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatilib, ularga ko‘mak berildi. Shu bilan birgalikda hududdagi 1493 nafar yoshni esa “Yoshlar daftari”dan chiqargan holda bandligini ta’minlash choralari qo‘rilmoqda.
Barchamizga ma’lumki, imkoniyatlar nechog‘lik ko‘p bo‘lmasin, shunda ham hali jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalyotgan yoshlar soni bir qancha. Ularning qo‘lida na bir diplomi, na bir kasb-hunari bor. Ba’zi birlari esa o‘zlarini “dangasalik” balosiga duchor qilib qo‘ygani esa, achinarli hol. Mehnat qilish, hayot mashaqqatlariga dosh berishdan qiynalayotganlari ham, talaygina. Ular ota-onasi, oilasi u yoqda tursin, hanuzgacha o‘zi uchun ham hech narsa qila olmayotganligi og‘riqli. Ayniqsa, boqimandalik kayfiyati bilan yurgan, tunni tongga noshukurlik bilan ulab o‘tkazayotganlarning borligi ham sir emas.
Mana shu holatlarni inobatga olgan holda, bu kamchiliklarni bartaraf etish, yoshlarga oz bo‘lsada ko‘mak berish maqsadida biz yangi loyiha bo‘yicha ish boshladik.
Yoshlar mazkur kasb-hunarga o‘qitishga asoslangan loyihada ishtirok etish uchun dastlab @poytaxtkasbbot telegram bot orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Va ular qaysi kasb-hunarga qiziqishiga qarab tashkil etilgan guruhlarga biriktiriladi. Shu bilan birgalikda, yoshlarga malakali ustoz-murabbiylar o‘z kasb sirlarini o‘rgatishadi. Shuningdek, yoshlar kasb-hunarlarga o‘qitilganlaridan so‘ng, ularga faoliyatlarini davom ettirishlari uchun kerakli asbob-uskunalar, zarur jihozlar hamda texnika vositalari Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan bepul taqdim etiladi.
Bu esa yoshlarga o‘z yo‘lini topib olishida mustahkam poydevor bo‘ladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Illo, yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlar hayotiga ma’no-mazmun baxsh etmog‘i, ularni ezgu maqsadlar sari chorlamog‘i, o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmog‘i lozim.
Gulnoza Boboyeva yozib oldi.
O‘zA