Yoshlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi
Sirdaryo viloyatida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb tanlashi va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. “Kelajak” markazida tashkil etilgan ochiq muloqot yoshlar bilan davlat idoralari rahbarlari o‘rtasidagi samarali muloqot maydoniga aylandi.
Tadbirda viloyat prokurori o‘rinbosari Anvar Shukurov, Sirdaryo viloyati “Kelajak” markazi direktori Avazbek Mamatov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Azizbek Rahmonov, shuningdek, markaz o‘quvchilari, talaba-yoshlar va faol yoshlar ishtirok etishdi.

Ochiq muloqot davomida markazda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, fan to‘garaklari faoliyati, ularning xususiy ta’lim markazlaridan afzal jihatlari, zamonaviy shart-sharoitlar va malakali mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan ta’lim jarayoni xususida fikr almashildi. Yoshlar markazda ta’lim olish nafaqat iqtisodiy jihatdan maqbul, balki xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritish imkoniyatini ham berayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda kasb tanlash masalasi ham muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilish istagidagi yoshlar sohaga qabul tartibi, oliy ta’lim muassasalari, xizmatning o‘ziga xos xususiyatlari va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.

Ochiq muloqotning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri yoshlar tomonidan ishlab chiqilayotgan innovatsion loyihalar taqdimoti bo‘ldi. Markaz o‘quvchilaridan biri oilalardagi janjal, zo‘ravonlik yoki boshqa xavfli vaziyatlarni ovoz orqali aniqlab, geolokatsiya ma’lumotini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga avtomatik tarzda yuboradigan mobil ilova loyihasini taqdim etdi. Tashabbus ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, uni amaliyotga tatbiq etishda ko‘mak berish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, talaba-yoshlar volontyorlik harakatini kengaytirish, oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar koordinatorlari faoliyatini kuchaytirish, iqtidorli yoshlar uchun Toshkent shahridagi tarixiy va ma’rifiy maskanlarga, jumladan, O‘zbekiston sivilizatsiyasi markaziga sayohatlar tashkil etish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Uchrashuv davomida bildirilgan barcha taklif va tashabbuslar mas’ullar tomonidan qayd etilib, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
— Bugun mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ushbu ochiq muloqot ham samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi. Yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida yaqin kunlarda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi, “Kelajak” markazi va Bolalar tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanadi. Bu hujjat yoshlar tashabbuslarini amaliy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi raisi Azizbek Rahmonov.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan “Kelajak” markazi kutubxonasi fondiga jadidchilik tarixi, milliy ma’rifat hamda bolalar va yoshlarga mo‘ljallangan o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlari sovg‘a qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri