Yoshlar tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi
Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar orasida Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasida tashkil etilgan ochiq muloqot o‘zining amaliy natijalari bilan alohida ajralib turdi. Zero, uchrashuvda bildirilgan fikr va takliflar faqat muhokama qilinib qolmadi, balki qisqa vaqt ichida hayotga tatbiq etildi.
Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Tavboyev sohada faoliyat boshlagan yosh xodimlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Samimiy va erkin ruhda kechgan uchrashuvda yosh mutaxassislar xizmat faoliyati davomida uchrayotgan muammolar, mehnat sharoitini yanada yaxshilash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda tizimni takomillashtirishga doir taklif va mulohazalarini erkin bayon etdilar.

— Uchrashuvning e’tiborli jihati shundaki, har bir taklif va fikr rahbariyat tomonidan sinchiklab tinglanib, ularni amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi. Bu esa yoshlarning tashabbusi va faol pozitsiyasiga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasi bo‘ldi, — deydi Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Ilg‘or Xalilov.
Muloqot davomida yosh kadrlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularni malakali mutaxassislar tajribasi asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda ko‘p yillik ish tajribasiga ega xodimlar yosh mutaxassislarga ustoz sifatida biriktirilib, ularning kasbiy shakllanishi va xizmat faoliyatini samarali tashkil etishiga ko‘maklashish belgilandi. Bu tizim bilim va tajriba vorisligini ta’minlash, mas’uliyatli hamda raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda bilimli va izlanuvchan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Suhrob Tavboyev oliy ta’lim olish, xususan, Soliq oliy maktabida tahsil olish istagini bildirgan xodimlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ularning bilim va malakasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’kidladi. Bu esa soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.

Uchrashuvning eng muhim natijasi esa yoshlar tomonidan bildirilgan takliflarning qisqa muddatda amaliy yechim topganida namoyon bo‘ldi. Yoshlar kuni munosabati bilan hududlarda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilash maqsadida ularning ehtiyojlari o‘rganilib, har bir hudud uchun zamonaviy kompyuter jamlanmalari hamda printer qurilmalari ajratildi.

Eng muhimi, bildirilgan tashabbus uzoq kuttirmadi. Rahbariyat tomonidan qabul qilingan qaror o‘sha kuning o‘zidayoq amalga oshirildi. Natijada yosh xodimlar o‘z xizmat vazifalarini yanada samarali bajarishlari uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri