Yoshlar tashabbusi qoʻllab-quvvatlanadi
Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yoshlarning yana-da faol boʻlishi lozimligiga eʼtibor qaratib, oʻqib-izlanish, tashabbus koʻrsatishga chorladi. Ularning tashabbusi, albatta, qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi.
Dastlab viloyat hokimi yosh olimlar va talabalarning innovatsion gʻoya, tashabbus va texnologiyalari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi ana shu texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, ularning iqtisodiy samaradorligi va afzalliklari haqida yoshlar bilan suhbatlashdi.
– Viloyatimiz rahbari mevali bogʻlardagi koʻchatlarni tuproq ostidan sugʻorish va oziqlantirish yoʻnalishidagi innovatsion loyiham bilan tanishdi, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali talabasi Mohinur Akramova. – Olib borayotgan tadqiqotimda mevali bogʻlardagi koʻchatlarni oziqlantirish uchun mineral oʻgʻitlar suvda eritilib, yer ostiga koʻmiladigan maxsus shlanglar yordamida oziqlantirilishi hisobiga suvni 50-60 foizga, yillik sarflanadigan mineral oʻgʻitlarni 30-40 foizgacha iqtisod qilish, ish sarfini kamaytirish, eng asosiysi, hosildorlikni 25 foizgacha oshirish mumkin boʻladi. Viloyat hokimi ushbu loyiha borasidagi tadqiqot ishlarimni davom ettirishim va, albatta, ijobiy samaraga erishishim lozimligi, buning uchun qanday yordam zarur boʻlsa, koʻrsatilishini bildirdi. Hokimimizning bu eʼtibori nafaqat meni, balki barcha yoshlarni yana-da faol boʻlishga undadi.
Shundan soʻng talabalar bilan boʻlgan muloqotda keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarning oʻz iqtidor va salohiyatini toʻlaqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyat yaratilayotgani, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan oliy oʻquv yurtlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, taʼlim sifatini xalqaro andozalar darajasiga koʻtarish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, bu borada yoshlar ishtiroki va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, talaba-yoshlarning muammo va kamchiliklarini bartaraf etish, ayniqsa, bitiruvchi talabalarning ishga joylashishi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Viloyat hokimi talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdi.