Yoshlar tarbiyasi – muqaddas burch
Kelajak poydevori
Luqmoni Hakimdan:
– Nega hadeb o‘g‘linga nasihat qilaverasan? – deb so‘rashibdi.
U esa shunday dedi:
– Keksalarning nasihatlari yoshlar uchun bog‘bon niholini parvarish qilgani kabidir. Bog‘bon niholning nomunosib shoxlarini butab turadi, yon-atrofda foydasiz giyohlarning o‘sib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Uning yaxshi o‘sishi uchun butun kuchini sarflaydi. Nihol esa baquvvat bo‘lib o‘sadi, shirin-shakar meva qiladi. Bordi-yu ortiqcha shoxlari kesib turilmasa, nihol tez o‘sib yetilsa-da, yaxshi hosil bermaydi, bog‘bonga esa undan foyda kam bo‘ladi. Demak, bilginki, bola ham niholning o‘zidir. Agar u tarbiya qilinmasa, yomon fe’llarga mubtalo bo‘ladi va falokat xashaklari o‘rtasida so‘lib yotadi.
Ota-onalarning vazifalari faqat farzandlarni dunyoga keltirishdan iborat emas. Ular o‘z farzandlarini aqlli, ongli, jismonan sog‘lom, jamiyatga, Vatanga foydali insonlar bo‘lib yetishishlari uchun qayg‘urishlari kerak. Ota-onalar bolaning tabiati, xulq-atvori shu oiladagi sharoitiga qarab shakllanishini yaxshi bilishi kerak. Farzand barcha ma’naviy boylik, dunyoqarash va ahloq-odobni o‘z oilasida o‘rganadi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deymiz. Oilasida totuvlik, inoqlik ko‘rmay, faqat janjal, to‘polonning guvohi bo‘lgan, yaxshi tarbiya o‘rniga, so‘kish, haqorat eshitgan bolalardan ahloqli, odobli inson bo‘lishlarini kutish befoyda. Shu o‘rinda Hazrati Yusuf Tavasliyning bir hikoyasi ibratlidir.
Uch-to‘rt yoshli bir bola qo‘shnisining tuxumini o‘g‘irlab, onasiga olib kelib beradi. Harom, halolni bilmagan johil ona tuxumni o‘g‘lining qo‘lidan olib, unga:
– Mening aqlli o‘g‘lim, senga ofarin, – deb peshonasidan o‘padi. Bola shu kundan boshlab har kun, kun oralab qo‘shnisining uyidan tuxum o‘g‘irlab chiqadi. Bola yoshiga qarab o‘g‘irligini davom ettiradi. Tuxumdan tovuqqa, tovuqdan yana kattaroq narsaga o‘tib, ashaddiy kazzob, o‘g‘riga aylanadi. O‘g‘rilik, kazzoblik bilan yurib, bir kun juda qabix jinoyat ustida qo‘lga olinadi. Qonun uni o‘lim jazosiga mahkum etadi.
O‘g‘lining o‘limga mahkum etilganini eshitib, ona adliya mahkamasiga boradi va faryod qila boshlaydi. Meni bu hayotda shu o‘g‘limdan boshqa hech kimim yo‘q, unga omonlik bering, uni hibsdan ozod eting, deb yolvoradi.
Hukmni ijro etishdan oldin yigitdan so‘radilar:
– Sening oxirgi istaging bormi?
Mahkum bunday dedi:
– Bir kichik tilagim bor. Sevimli onajonimning muborak tillarini o‘pishni istayman, shul istagimni qondirsangiz.
O‘g‘lining istagiga ko‘ra mushtipar ona o‘g‘lining oldiga kelib tiz cho‘kib:
– Suyukli o‘g‘lim, so‘ngi marta tilimni o‘pganingni men bir ko‘ray, – debdi.
O‘g‘ri yigit onasining tilini tishlab, uni qaychida kesganday uzib olibdi.
Shu yerda to‘planganlar: “Bu bola muncha qattol bo‘lmasa, shuncha og‘ir jinoyatlarni qilgani yetmaganday, onasining tilini ham uzib oldi-ya!”, deb hayratlanadilar.
O‘limga mahkum bo‘lgan yigit esa to‘planganlarga qarata:
– Ey insonlar! Bilib-bilmay bekorga ajablanmang. Mening hozir o‘limga mahkum bo‘lishimga sabab onamning tilidir. Men bolaligimda qo‘shnimizning tuxumini o‘g‘irlab kelganimda, onam menga ofarinlar aytib, peshonamdan o‘pgan edi. Agar o‘shanda onam meni tarbiya qilib, o‘g‘irlikdan qaytarganida, bugun men o‘lim jazosiga mahkum bo‘lmasdim, – debdi.
Bu hikoyatda bola tarbiyasi ulug‘ ish ekanligi bayon etilgan. Xulosa shuki, ota-onalar o‘z bolalarini har bir xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatib, qaysi ish foydali, qaysinisi zararli ekanlinini tushuntirib borishlari lozim. Ayniqsa, bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy davlat barpo etar ekanmiz, farzandlarimizning huquqiy tarbiyasiga ham katta e’tibor berishimiz kerak. Chunki o‘smir qonunlarni yaxshi bilmas ekan, jinoyat ko‘chasiga kirib qolishi hech gap emas.
Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishda joylardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari, maktab, malakali huquqshunoslar va huquq-tartibot idoralari vakillari bir yoqadan bosh chiqarib, birlashib harakat qilishlari zarur. Bunda, ayniqsa, mahallaning o‘rni beqiyosdir.
Mahalla — insonni jamiyat bilan birga yashashga o‘rgatadigan, shu ruhda tarbiyalaydigan birlamchi va beqiyos makondir. Dunyoda noyob, o‘xshashi yo‘q mahalla tizimi mustaqillik yillarida xalqimizga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi.

Mahallalar qadim-qadimdan ezgulik beshigi, tarbiya o‘chog‘i, yashash tarzi, milliy udumlar, urf-odatlar va an’analar shakllangan maskan bo‘lib kelgan. Odamlarni bir-birovlariga mehr-oqibatli, muruvvatli, saxovatli qilib tarbiyalashda, tabiatan barchani birdek, qon-qarindoshdek qilib qo‘yishda, o‘ziga hos jamoani shakllantirishda mahalla juda muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, bugungi kunda mahallalar davlat boshqaruvining birinchi bo‘g‘inlari, asosiy ustunlari sifatida e’tirof etilayotgani ham bejiz emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi, uyg‘onish davri lokomativlari bo‘lmish yoshlar bilan ishlashning tubdan yangicha mexanizmi bo‘ldi.
Yoshlar yetakchilari yoshlar balansini muntazam shakllantirib borish bilan birga, ularning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, muammolarini o‘rganish, yangi iste’dodlarni kashf qilayotirlar. Bu ishda alohida o‘rnak ko‘rsatgan yoshlar rag‘batlantirilib borilyapti. Yoshlar yetakchisi hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan yoshlarni “Yoshlar daftari”ga kiritib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishida bosh-qosh bo‘lmoqda.
Bizning Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi “Chilto‘g‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida ham yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etildi. bugungi kunda “Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti” shiori ostida ish yurituvchi mahalladagi yoshlar yetakchisi yoshlarning haqiqiy maslahatgo‘yiga aylandi.
Mahallamizda joriy yilning birinchi yarmida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini-o‘zi band qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarga 44 million so‘mga yaqin subsidiya ajratildi. Subsidiya ajratishda ularning oilasi to‘liq o‘rganildi. Subsidiya to‘rt nafar turli kasbdagi yoshlarga ajratildi. Ularning oila a’zolari ham ish bilan ta’minlandi.
Hozirda mahalladagi Ziyoda ismli tikuvchi qiz “Yoshlar daftari” orqali olgan tikuv mashinasi va overlog yordamida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Uning onasi va opasi ipdan qo‘g‘irchoq to‘qishadi, Ziyoda esa ularga kiyimchalar tikadi. Hozirda oila a’zolari daromadga ega.
Yana ikki nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati badali “Yoshlar daftari”dan to‘liq qoplab berildi. Shuningdek, mahalladagi iqtisodiy qiyinchilikka yuz tutgan yoshlarning ikki nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘nlab yoshlarga yuridik maslahat va ma’naviy yordam berilmoqda.
Bundan tashqari mahalladagi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida homiylik asosida ikki nafar yoshga sport anjomlari olib berildi.
Mahallada ta’mirtalab ahvolga tushib qolgan futbol maydonchasi tumanning sektor rahbarlari yordamida to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Maydon universallashtirilib, hozirda sportning voleybol turi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilyapti.
O‘ttizga yaqin yoshning bandligi ta’minlandi, o‘ndan ziyod yoshga uch oylik o‘quv kurslariga bepul yo‘llanma berildi. 60 nafar yoshlar farzandlariga homiylar yordamida turli xil o‘yinchoqlar tarqatildi, yigirma nafar oilaga esa oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Mahallada o‘tkazilgan “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida yuzlab yangi iste’dodlar kashf etildi. Har bir ko‘chada sportning futbol, voleybol turlari bo‘yicha jamoalar tashkil etildi. Respublikada ko‘zga ko‘ringan ijodkorlar, jumladan, taniqli jurnalist, shoirlar, aktyorlar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbati o‘tkazildi. Bu uchrashuvlar mahallamiz yoshlarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Mahallada vatanparvarlik, kitobxonlik ham o‘z o‘rnida tashkil etilmoqda. Har bir mahalla yoshlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida musobaqalar ham rejali o‘tkazib kelinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mahalladagi yoshlar yetakchisi – mahalladagi yoshlar egasiga aylandi.
Yoshlar kamoloti, manfaati, yorug‘ iqboli, baxtu saodati – Yangi O‘zbekiston kelajagini barpo etishdek ulug‘vor maqsadimizning mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yoshlar O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir. Zero, e’tibor bor joyda o‘sish, o‘zgarish bo‘ladi. Agar bizda har qancha iqtidor bo‘lmasin, u qo‘llab-quvvatlanmasin, sayqal topmaydi. Shu ma’noda, biz mahallamiz yoshlari bugungi taqdirimizdan behad minnatdormiz.
Jahongir NOSIROV,
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi
“Chilto‘g‘on” MFY Yoshlar yetakchisi.
O‘zA