Yoshlar tadbirkorlikka jalb etilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida tadbirkorlik va fermerlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, davlat soliq inspeksiyasi, tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda fermerlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari talabalari va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining sohaga qiziqishini yanada oshirish, ularning nazariy va amaliy bilimini boyitish, yosh fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– O‘tgan yili kollejimizni bitirgan 9 nafar o‘quvchi o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi, – deydi Qanliko‘l qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari J.Qutlimuratov. – Ular tijorat banklari tomonidan ajratilgan 36,8 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i evaziga chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik bilan shug‘ullanmoqda. Bu yilgi bitiruvchi yoshlarimizdan 18 nafari tadbirkorlik sohasini tanlab, o‘z biznes-rejalarini tuzmoqda. Bugungi tadbirda ular bank va soliq idoralari mutaxassislaridan amaliy ko‘mak oldi.
Tadbirkor bo‘lishga ahd qilgan o‘quvchilarning aksariyati ovulda aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish orqali o‘nlab tengdoshlarini ish bilan ta’minlashni niyat qilgan. Yoshlarning bunday tashabbus va intilishlari tijorat banklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.