Yoshlar parlamentining faoliyati sarhisob qilindi
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining hisobot majlisi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, Yoshlar masalalari bo‘yicha kengash, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil etilib, ular asosida yoshlar bilan yangicha ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilayotir.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida davlatimiz rahbari o‘zbek tilida so‘zlagan tarixiy nutqida yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e’tibor markazida bo‘lishiga urg‘u berilgani ta’kidlandi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish tashabbuslari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgani, xalqaro miqyosda dolzarb bo‘lgan ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda birinchi navbatda Yoshlar parlamenti a’zolari faol bo‘lishi talab etilishi bildirildi.
Hisobot majlisida Yoshlar parlamenti tomonidan 2020 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, 2021 yildagi ustuvor vazifalar, Yoshlar parlamenti a’zolarini senatorlarga “ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirish va boshqa turli masalalar muhokama etildi.

Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining hududlarda yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini jamoatchilik, jumladan, parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlar ishtirokini ta’minlash borasida olib borayotgan faoliyati haqida Yoshlar parlamenti raisi tomonidan batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan nazorat-tahlil faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida turli mavzularda xalqaro va mahalliy 22 ta onlayn konferensiya, davra suhbatlari va seminarlar tashkil etilgan. Hududlardagi yoshlar muammolarini o‘rganish va ular bilan muloqotlarni amalga oshirish maqsadida 1000 dan ortiq yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalar va takliflar o‘rganilgan.
Xorazm va Toshkent viloyatining tuman, shaharlarida Ichki ishlar profilaktika xodimlarining ro‘yxatiga olingan 167 nafar yosh bilan muloqot o‘tkazildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ulardan 58 nafar yoshni profilaktik hisobdan chiqarish bo‘yicha tavsiyalar berildi va ular o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda to‘garaklarga, kasb-hunar va turli sport mashg‘ulotlariga jalb qilinib, aksariyatining bandligi ta’minlandi.
Karantin davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkillashtirish va ona tilimizni tarannum etish va targ‘ib qilish maqsadida o‘quvchi-yoshlar ishtirokida “Millatim o‘zligisan, ona tilim” onlayn ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda respublika bo‘ylab 2 ming 500 dan ortiq yosh 5 mingga yaqin ijodiy ishi bilan ishtirok etdi. G‘oliblar munosib taqdirlandi.
Shuningdek, Yoshlar parlamenti a’zolari muntazam ravishda Senatning yalpi majlislarida hamda qo‘mitalar majlislarida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida qatnashib, qonunlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish jarayonidagi muhokamalarda hamda parlament so‘rovlari uchun tahliliy ma’lumotlar tayyorlashda faol ishtirok etib kelmoqda.
Jumladan, Parlament a’zolari “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida o‘tkazilgan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risida konvensiya loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, loyihaga yangi normativlarni qo‘shish bo‘yicha dolzarb takliflarni ilgari surdi.
– Bugun mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining yangicha, noyob tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi Yoshlar parlamenti a’zosi Sevara Mahmudova.
– Sababi, 2017 yilda Prezidentimiz BMT minbaridan turib, tarixda birinchi bor Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya loyihasini qabul qilish tashabbusini bildirgan edi. bugungi kunda dunyo aholisi 7 milliardni tashkil etsa, shundan 2 milliardi yoshlar. Lekin ularning huquqlarini umumjahon miqyosida birlashtiruvchi hujjat yo‘q edi. O‘tgan yili mazkur konvensiya loyihasi butunjahon Samarqand yoshlar forumida muhokama qilindi. Biz yoshlar ham forumda ishtirok etib, bir qator takliflarni bildirgan edik.

Yoshlar parlamenti a’zolari qisqa davrdagi faoliyati davomida mehr va e’tiborga muhtoj yoshlarning orasiga kirib bora oldi. Jumladan, parlament a’zolari Bolalar musiqa va san’at maktablarida pullik tahsil olayotgan ko‘zi ojiz bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarni hamda kelgusida mazkur ta’lim muassasalariga o‘qishga keluvchi ko‘zi ojiz bo‘lgan yosh bolalarning davlat byudjeti hisobidan ta’lim olishini tashkil qilish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini ishlab chiqib, Senatga taqdim etdi.
Buning natijasida mazkur masala yuzasidan Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlikka senatorlik so‘rovi yuborilib, ushbu masalaning ijobiy hal qilinishida Yoshlar parlamenti a’zolari roli katta bo‘ldi.
Majlis davomida Senat Raisi tomonidan yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi masalalar Yoshlar parlamenti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, bu borada hududiy a’zolarning ham fikr- mulohazalari va takliflari eshitildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA