Yoshlar oila qurishga tayyormi?
Oila — muqaddas dargoh. Oila qo‘rg‘onining mustahkam bo‘lishida xalqimizga xos sabr-qanoat, o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat kabi fazilatlarga amal qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu borada yoshlarni yuksak odob-axloq tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, mustaqil oilaviy hayotga tayyorlashga alohida e’tibor berish zarur.
Yangiyer shahrida ish boshlagan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazi ham xuddi shu maqsadga xizmat qiladi.
Markaz Yangiyer shahar Adliya bo‘limi hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etildi. Ochilish marosimida Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov va sektor rahbarlari, nikohlanuvchi fuqarolar, ularning ota-onalari, ibratli oilalar vakillari ishtirok etdi.

–Ushbu markaz faoliyati oila qurish ostonasidagi yoshlarning psixologik, pedagogik, huquqiy va ahloqiy-bilimlarini hamda oilalarning mustahkamligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish, oilaning farzand tarbiyasidagi o‘rni va mas’uliyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi, – dedi shahar hokimi.

–Yangiyer shahar FHDYO bo‘limi tomonidan 2022 yilda 401 ta nikoh haqida va 141 ta nikoh bekor qilinganlik haqida dalolatnoma yozuvlari qonuniy rasmiylashtirilgan. Mazkur markazni tashkil qilishdan asosiy maqsad yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ular qalbiga oila muqaddas degan tushunchani singdirish, oilaviy ajrimlarning oldini olishdan iborat, – deydi Yangiyer shahar FHDYO bo‘limi mudirasi Nafosat Abdulhakimova. – Markazda asosan FHDYO bo‘limiga nikohdan o‘tish uchun ariza bergan nikohlanuvchi fuqarolar o‘qitiladi. Albatta, ushbu markaz nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi masalalari bo‘yicha tizimli tayyorlash barobarida, ularda oilaviy qadriyatlarni saqlash, ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashadi.

Tadbir nihoyasida ishtirokchilarga o‘quv qo‘llanmalari, mavzuga doir targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA