Yoshlar narkotahdidlarga qarshi birgalikda kurashadi
Samarqandda “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forum doirasida ilk bor Birlashgan millatlar tashkilotining yoshlar tarmog‘i vakillari bilan ilk bor “Narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlar sammiti” o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan sammitda yurtimiz hududlari hamda Markaziy Osiyo davlatlaridan bir ming nafarga yaqin faol yoshlar oflayn va onlayn tarzda qatnashdi.
Sammit ochilishida narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori o‘rinbosari Jobir Azimov, Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Bo Matiasen so‘zga chiqib, ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari orasida giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, narkojinoyatlarga qarshi murosasiz kurashni davom ettirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilganini ta’kidladi.
– Sammit bugungi kunda narkotiklar bilan bog‘liq masalalarda yoshlarning fikri juda muhimligini ko‘rsatadi va unda sizlarning faol ishtirok etayotganingiz e’tiborli, – dedi Bo Matiasen o‘z nutqida. – Kecha forumning asosiy tadbirlari chog‘ida yoshlarning giyohvandlikka qarshi kurashishda dunyo mamlakatlarini hamkorlikda ishlashga chaqirig‘i ushbu anjumanning muhim bayonoti bo‘ldi, deyish mumkin. Bu forumning amaliy ahamiyatini hamda Samarqand deklaratsiyasining narkotahdidlarga qarshi kurashishda kelgusi faoliyatimizni davom ettirishning inklyuziv asosi bo‘lib xizmat qilishini namoyon etadi. Shu bilan birga bugun Markaziy Osiyo bo‘ylab giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha samarali va madaniy jihatdan moslashtirilgan yondashuvlarni almashish uchun mintaqaviy platforma yaratish zaruratini yuzaga chiqarmoqda. Bu esa yoshlarga yo‘naltirilgan profilaktikani rivojlantirish hamda majburiyatlarni amaliy natijalarga aylantirishga qaratilgan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan yangi qo‘shma mintaqaviy harakat rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi. Bunda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy yoshlar tarmog‘ining rolini alohida ta’kidlashni istardim. Ularning yaqinda o‘tkazgan tashabbuslari natijasida qariyb 9 ming nafar yoshlar onlayn so‘rovda ishtirok etib, giyohvand moddalar iste’moli, unga duchor bo‘lish va xabardorlik yuzasidan muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Mintaqada giyohvandlikning 2025-yildagi 3 foizdan 2026-yilda 7 foizga oshgani esa bu borada uzluksiz va muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish zaruriyatini tasdiqlaydi.
[gallery-28893]
Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori o‘rinbosari Jobir Azimov aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, yosh avlodni turli tahdidlardan asrash, giyohvandlikka qarshi kurashish global miqyosda muhim masalaga aylanayotgan bir paytda mazkur forumning o‘tkazilishi davlatimizning bu illatga munosabatini ifoda etdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi farmonida giyohvandlikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish ustuvor vazifalar etib belgilangan, – dedi J.Azimov. – Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2026-yil dekabr oyida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida giyohvandlikka qarshi kurashni umummilliy harakat darajasiga olib chiqish zarurligi alohida ta’kidlanib, ushbu illatga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas, balki butun jamiyat – oila, ta’lim muassasalari, mahalla va fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi mas’uliyati ekani qayd etilgandi. Shundan kelib chiqib, olib borilgan ishlar, huquq-tartibot idoralarining narkomanbani aniqlashga alohida e’tibor qaratishi natijasida 2026-yilning I choragida yashirin narkolaboratoriyalar va yirik uyushgan narkojinoiy guruhlarni aniqlash natijadorligi 3 barobarga oshdi. Yoshlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish, ularni ogohlikka chaqirish maqsadida mahallalar, ta’lim muassasalari, jamoat joylari hamda davlat va xususiy sektorga qarashli idora-tashkilotlarda muntazam ravishda targ‘ibot va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Sammitda mintaqa davlatlari yoshlari o‘z loyihalari yuzasidan fikr almashib, o‘sib kelayotgan mintaqa yoshlarining bu illatdan himoya qilishning yangi, samarali usullarini amaliyotga joriy qilish masalalarini muhokama qildi.
– Ushbu sammit bugungi kunning global masalasiga aylangan giyohvandlikka qarshi kurashishda Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining o‘zaro tajriba almashishi va hamkorlik qilishi uchun qulay maydon vazifasini o‘tamoqda, – deydi qirg‘izistonlik Bayaman Bekboosunov. – Kecha forumda mintaqa davlatlari huquq-tartibot organlari narkotahdidlarga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik muhimligini ta’kidlashdi va bu borada kelishuvlarga erishdi. Ushbu yo‘nalishda biz – yoshlarning ham o‘z loyihalarimiz, dasturlarimiz bor. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirsak, o‘zaro tajriba almashsak, albatta, ijobiy natijalarga erishamiz. Agar bugun profilaktika ishlarini kuchaytirmasak, ertaga yirik narkojinoyatlarga qarshi kurashishimizga to‘g‘ri keladi.
Tadbirda o‘zbekistonlik faol yoshlar tashabbusi bilan joriy qilingan “Antinarko” yoshlar front-ofislari volontyorlari harakati hamda “AI Hackathon” umumilliy loyihasining internet tarmog‘idagi narkodo‘konlar va giyohvandlik vositalarini tarqatish holatlarini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida aniqlash va bloklashga mo‘ljallangan “QalqonAI”, “Sentinel” va “NarkoGuard” kabi dasturlari namoyish etildi. Shu bilan birga, sammitda “Biz giyohvandlikka qarshimiz” respublika videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazilib, ular pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Sammit yakunida Markaziy Osiyo yoshlari tomonidan mintaqa davlatlarining sohaga oid faoliyat olib borayotgan rasmiylariga “Yoshlar murojaati” qabul qilindi.
Aytish mumkinki, Samarqand forumi transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashishda yagona yondashuvlarni shakllantirish, xalqaro va mintaqaviy darajada samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari