Yoshlar kuni: Namanganda o‘zgacha o‘tgan bayram
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda 30 iyun – “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Xususan, ushbu sanani Namangan viloyatining yosh, iqtidorli va zukko o‘g‘il-qizlari ulkan zafarlar og‘ushida, zo‘r shodu-xurramlik bilan nishonladi.
Ulug‘ ma’rifatparvar alloma Ishoqxon to‘ra Ibratning vorislari bo‘lmish to‘raqo‘rg‘onlik yoshlar uchun yakuniga yetgan o‘quv yili salmoqli keldi. Tumandagi umumta’lim maktablarini 2 ming 920 nafar o‘quvchi bitirib, shundan 61 nafari oltin, 22 nafari kumush medal sohiblari bo‘ldi. 13 bitiruvchi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish baxtiga erishdi.
Madaniyat markazida sana munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda ana shu ilg‘or o‘quvchilar munosib taqdirlandi.

Shuningdek, tuman markazidagi o‘yingohda velokross va “Vatanparvar” tashkiloti tuman sport-texnika klubida merganlik musobaqalari o‘tkazildi. 200dan ortiq o‘g‘il-qizlarni qamrab olgan “Milliy yurish” ham o‘ziga xosligi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortdi.
O‘zbekona milliy kiyimlardagi yoshlar tuman markazi ko‘chalaridan yurib o‘tdi. Ham salomatlik uchun foydali ham asriy qadriyatlarni saqlab qolishda muhim o‘rin tutadigan mazkur tadbir tuman sektorlari kesimida ham amalga oshirildi.
– Tuman hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida uyushtirilgan “Milliy yurish” an’anaviy tadbir bo‘lib qolishi uchun harakat qilamiz, – dedi tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azamat Abdukarimov.

Mingbuloq tumanida esa tuman prokurori mas’ul ikkinchi sektor tashabbusi bilan umumta’lim maktablarini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarga oltin va kumush medallarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Joriy o‘quv yilida tumandagi maktablarning 11-sinfini 1 ming 752 nafar yigit-qiz muvaffaqiyatli tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma oldi. Bitiruvchilarning 13 nafari oltin va 13 nafari kumush medallarga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, tumanda eng ko‘p oltin medal 13-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchilariga tegishli bo‘lib, ular 8 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, bitiruvchilarning 101 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga kirish baxtiga erishdi.
Yoshlar kuni munosabati bilan Yangiqo‘rg‘on tumanidagi chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda uchqo‘rg‘onlik yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Uchqo‘rg‘on tumani hokimligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi mutasaddilari, 12-sonli, 19-sonli musiqa maktablari o‘quvchilari va 50 nafar uyushmagan yosh ishtirok etdi.

“Ochiq eshiklar kuni”da yoshlar harbiy qism faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Harbiy qism askarlari va san’atkorlar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar, sport musobaqalari tashkil etildi.
Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlarga badiiy kitoblar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday tadbirlar yosh avlod vakillarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA