Yoshlar – kelajak bunyodkori
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi tashabbusi bilan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida festival oʻtkazildi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Nukus shahar kengashi tashabbusi bilan “Besh tashabbus – besh imkoniyat” shiori ostida festival oʻtkazildi.
Birinchi tashabbus doirasida yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishini oshirish maqsadida “Vatan - mening nigohimda”, “Shahrimning yangi qiyofasi” mavzularida rasmlar tanlovi oʻtkazildi, “Elparvar” badiiy filmi yoshlarga namoyish etildi. “Vatan kelajagi sening qoʻlingda” loyihasi doirasida “Baxtli elning baxtli farzandlarimiz”, “Vaqt qadri”, “Imkoniyat, harakat va natija”, “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzularidagi seminar-treninglarda yoshlar faol ishtirok etdi.
Ikkinchi tashabbus boʻyicha yoshlar marafoni, sportning qilichbozlik va karate-do turlari boʻyicha musobaqalar, “Biz sogʻlom turmush tarafdorimiz” shiori ostida sport ustalari va yoshlar bilan uchrashuvlar, taniqli sportchilar tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi. Aholi va yoshlar oʻrtasida “Axborot texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish” mavzusida mahorat darslari tashkil etilishi zamirida esa uchinchi tashabbus koʻzda tutilgan maqsad mujassamdir.
Bundan tashqari, “Yoshlar kutubxonasi”, “Kitoblar karvoni” loyihalari doirasida kitob yarmarkasi, yangi kitoblar koʻrgazmasi, yosh kitobxonlar oʻrtasida “Men oʻqigan kitob” tanlovi, “Bilimdonlar arenasi” intellektual oʻyinlari hech bir yigit-qizni befarq qoldirmadi.
Xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ularning tadbirkorlik boʻyicha bilim va koʻnikmasini oshirish maqsadida “Tadbirkorlik sirlari”, “Hunarlining qoʻli gul” mahorat darslari, yosh oilalar uchun “Oila psixologiyasi”, “Fikrlar quvvat baxsh etadi” mavzusida psixologik seminar-treninglar, “Biznes sayohat” loyihalari beshinchi tashabbus asosida boʻlib oʻtdi.
“Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostidagi gala-konsertda aksiya doirasida oʻtkazilgan tadbirlarning gʻolib va faol ishtirokchilari ragʻbatlantirildi.