“Yoshlar jinoyatchiligidan xoli hudud”
O‘tgan yili Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi 37 ta mahallada o‘tkazilgan xatlovlar orqali tumanning “Yoshlar balansi” shakllantirilib, ro‘yxatga olingan 14-30 yoshdagi 38 ming 500 nafardan ziyod yigit-qizning individual qiziqishi, muammo, iqtidor va tashabbuslaridan kelib chiqib, tizimli ishlar amalga oshirildi.
Yoshlar muammolarini hal qilish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim asosida har haftada tuman hokimi boshchiligida sektorlar, idora va tashkilotlar rahbarlari tomonidan yoshlar bilan uchrashuv hamda muloqotlar o‘tkazib borildi. Ana shu tadbirlar davomida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan 600 ga yaqin muammo ijobiy hal etildi.
– Yoshlar bilan bevosita ishlash jarayonida ularni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Buloqboshi tuman bo‘limi boshlig‘i Pahlavon Adhamov. – Ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1 ming 265 nafar yoshning 1 ming 261 nafariga zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Jumladan, “Yoshlar bandligini ta’minlash” dasturi doirasida 728 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida 126 gektar yer maydoni ajratildi. Mazkur yer maydonlaridan samarali foydalanish, yiliga ikki marta hosil olish hisobiga 580 tonnadan ortiq turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi.
Bundan tashqari, 56 nafar yoshga mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiya, shuningdek, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun 728 nafar yoshga 1,5 milliard so‘mdan ziyod miqdorda imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada ana shu yoshlarning bandligi to‘la ta’minlandi.
Tumanda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan tadbir, tanlov va sport musobaqalarida 40 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etdi. Mazkur musobaqalarda g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallalarida 4 ta sport maydonchasi barpo etildi. Turli mahallalarda 40 dan ortiq ko‘ngilochar ob’ektlar, “Yoshlar saylgohlari” tashkil etildi.
“Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 17 ming 900 nafardan ortiq yoshlar 23 ta xorijiy tilni, “Ustoz AI” loyihasi doirasida 6 ming 105 nafar yosh 20 ga yaqin zamonaviy kasblarni onlayn o‘rgandi.
Xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlaridan C1 darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan 71 nafar yoshning 152 million so‘m miqdordagi imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi.
Tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning muammolarini hal etish, shuningdek, tarbiyasi og‘ir, huquqbuzarlikka moyilligi bor yoshlarga yordam berish, ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish borasida ham zarur ishlar olib borildi.
[gallery-21155]
Xususan, tarbiyasi og‘ir bo‘lgan 793 nafar yosh mutasaddi idoralar rahbarlariga biriktirildi, ular bilan suhbat va muloqotlar o‘tkazildi. Ana shu jarayonda 502 ta muammo aniqlanib, ularning barchasi ijobiy hal etildi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari otaliqqa olgan 15 ming 255 nafar yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Olib borilgan ana shu ishlar natijasida tumandagi 37 ta mahalladan 22 tasi “Yoshlar jinoyatchiligidan xoli hudud”ga aylandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari