Yoshlar harbiy-vatanparvarlik sinovlarida bellashdi
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish hamda Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga qiziqishini oshirish maqsadida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining respublika bosqichi o‘tkazildi.
“Yoshlar oyligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun tashkil etilgan musobaqaning final bosqichi Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” dala o‘quv maydonida bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 17–22 yoshdagi 140 nafar yigit-qizdan iborat 14 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilar harbiy-vatanparvarlik, harbiy-amaliy ko‘pkurash hamda sport bloklari bo‘yicha sinovlardan o‘tkazildi.

Harbiy-vatanparvarlik blokida yoshlarning O‘zbekiston tarixi bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, “Saf qo‘shig‘i” va “Biz – bir jamoamiz!” ko‘rik-tanlovlari tashkil etildi.
Harbiy-amaliy ko‘pkurash yo‘nalishida pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish hamda harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Yoshlar “AK-74” avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, gaz niqobini kiygan holda masofaga yugurish kabi amaliy shartlarni ham bajardi. Bundan tashqari, sport blokida duatlon, 100 metrga yugurish va turnikda tortilish bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Murosasiz va qizg‘in kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Toshkent viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egallab, “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogini qo‘lga kiritdi. Navoiy viloyati jamoasi ikkinchi, Andijon viloyati vakillari esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindorlar “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Qayd etilishicha, uch kun davom etgan musobaqa yakunlari bo‘yicha 7 nafar yigit va qiz 3-sport razryadini qo‘lga kiritdi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Unda yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov bilan ochiq muloqot qilib, tashkilot tizimida yaratilgan imkoniyatlar, kasb-hunar o‘rganish va texnik-amaliy sport turlari bilan shug‘ullanish sharoitlari haqida ma’lumot oldi.
M.Hojiakbarova, O‘zA