Yoshlar harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalanmoqda
FOTOREPORTAJ
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport turlariga qiziqtirish, kasb-hunar o‘rgatish hamda bandligini ta’minlash bo‘yicha Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabida tashkil etilgan to‘garaklar o‘g‘il-qizlarning tulporlarga bo‘lgan mehrini, ot sportiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori Botir Qudratxo‘jayev mazkur maktabda bo‘lib, hududda yoshlar uchun yaratilgan qulayliklar, o‘tkazilayotgan vatanparvarlik tadbirlarining natijadorligi hamda Milliy gvardiya bo‘linmalaridagi shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy ahvoli bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-10558]
Tadbir doirasida, maktabda bir guruh uyushmagan yoshlar va o‘quvchilar uchun tadbir tashkil etildi. Unda yoshlar boy tarixiy merosimiz va milliy sport o‘yinlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi va Qo‘riqlash boshqarmasining texnikalari, qurol-aslaha va maxsus himoya vositalari namoyish etildi. Ot sportining “ot ustida kurash”, “konkur” hamda “tentpegging” bo‘yicha bellashuvlar uyushtirildi. Otlar yordamidagi ippoterapiya mashg‘ulotlari asosida bemorlarni davolash ishlari ko‘rsatib berildi. Shundan so‘ng, yoshlar o‘rtasida sportning kamondan otish turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, ularning merganlik qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.
Respublika harbiy prokurori mashg‘ulotlarda qatnashayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Viloyatda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, ish bilan ta’minlash, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan bu kabi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish va ommalashtirish zarurligi yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiyalar berdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA