Yoshlar ertangi kun bunyodkori
Oramizdagi zamondoshlar
Sardor Nosirov Navoiy viloyati Uchquduq tumanida tug‘ilib o‘sgan. Yon qo‘shnisi konchi bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi yon qo‘shnisi metallurgiya sohasida mehnat qilib, obro‘-e’tibor qozongan. Ularga havas qilgan Sardor Stankin nomidagi Moskva Davlat texnologiyalar universitetini bitirib, 2024 yilda Shimoliy kon boshqarmasi 3-Gidrometallurgiya zavodiga ishga kirdi. Bugungi kunda mexatronika va robototexnika mutaxassisligiga ega bo‘lgan Sardor uchun bu ishlab chiqarish korxonasi tajriba maydoni bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda ishsizlar sonini qisqartirish, aholiga qulayliklar yaratish, mavjud muammolarga yechim topish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar qisqa fursatlarda o‘z natijasini bermoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning bandligi ta’minlanmoqda. Bunda hududlardagi “NKMK” AJning sanoat va ishlab chiqarish korxonalarining ham hissasi katta bo‘lmoqda.
Birgina o‘tgan 2024 yilda Shimoliy kon boshqarmasiga Uchquduq tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan yo‘naltirilgan qabul kvotalari orqali 150 nafarga yaqin fuqaro ishga qabul qilindi. Ularning 100 dan ortig‘i esa kon boshqarmasida mavjud o‘quv kursida o‘qib, amaliyot o‘tashdi va ikkinchi kasbga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat transport universitetining 120 nafar bitiruvchisi ham aynan mazkur boshqarmaga ishga qabul qilindi.

– Bugun mexatronika va robototexnika orqali texnikaning yangi avlodlari yaratilib, uskunalarning yangi ko‘rinishlari ishlab chiqarishga tatbiq etilmoqda, – deydi Sardor Nosirov. – Yaqinda ish boshlaganim 3-GMZda ham zamon bilan hamnafaslikda dunyoga mashhur kompaniyalarning ana shunday uskunalari ishlatilayotganini ko‘rdim. Kelgusida olgan bilimlarimni o‘z amaliyotimda qo‘llab, yangiliklar yaratish niyatim bor.

Sardorning a’loga baholangan diplom ishi himoyasi tokarlik uskunasida kelib chiqqan nosozlikdan ogoh etuvchi qurilma bo‘lgan. Svetofor shaklidagi bu qurilma xodimga o‘z ish o‘rnining xavfsizligi haqida ogohlantirish bera oladi. Yashil chiroq yongan bo‘lsa, ishchi dastgohi soz, ishga tayyor, agarda xatolik bor bo‘lsa, sariq yoki qizil chiroqlar o‘chib yonadi.

Ayni paytda u iqtisodiyotni avtomatlashtirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga bel bog‘lagan. U yaratgan uchuvchisiz uchish apparati hozirda mahalla bolalarining robototexnikaga bo‘lgan qiziqishlarini orttirmoqda.
Eng asosiysi, bugun yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va ilgari surayotgan tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ishonch hamda berilayotgan imkoniyatlar, albatta, ertaga o‘z natijasini beradi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri