Yoshlar “dunyo do‘koni”dan sara mahsulotlar olsin
Hozirgi kunda odamlar savdo-sotiq qilish, turli xizmatlardan bahramand bo‘lish, axborot olish kabi ehtiyojlarini internet orqali tez va oson qondirmoqda.
Hozirgi kunda odamlar savdo-sotiq qilish, turli xizmatlardan bahramand bo‘lish, axborot olish kabi ehtiyojlarini internet orqali tez va oson qondirmoqda.Shu jihatdan global tarmoqni har qanday mijoz o‘zi istagan mahsulotni topa oladigan do‘konga qiyoslash mumkin. Biroq supermarketga eshikdan kirilsa, “dunyo do‘koni”ga darchadan o‘tiladi. Stolingizdagi komputer monitori, qo‘lingizdagi mobil telefon, uyingizdagi televizor ekrani – o‘sha darcha. Undan yetti iqlimga mo‘ralab, ehtiyojingizga yarashasini tanlab olaverasiz. Supermarketdan farqi shundaki, uning chegarasi yo‘q.
Darhaqiqat, bugun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Bu yaxshi, albatta. Axir bundan chorak asr ilgari qishloqlarda sanoqli telefon bo‘lardi. Biron joyga qo‘ng‘iroq qilish uchun avval kommutatorga buyurtma berilib, so‘ng “ulanish” kutib o‘tirilardi. Bu gaplar hozirgi yoshlarga ertakdek tuyuladi. Chunki hammasining qo‘lida mobil telefon. Xabar jo‘natish zarur bo‘lib qolsa, shundoq internetga kiradiyu istalgan odamga bir zumda xat yoza oladi.
Bugun internet turfa axborot va bilimlar manbai, ommaviy axborot vositasi, inson faoliyatining barcha sohalariga taalluqli xizmatlar, turli kompaniyalarning ma’lumotlar maydoni, jahon bozoriga eng tejamli va tezkor usulda qo‘shilish imkonini beradigan noyob vosita vazifasini o‘tamoqda.
Internetning qulayligi juda ko‘p. Telefondagi suhbatning o‘n daqiqasi uchun ketadigan xarajatning yarmi internetga ajratilsa, undan biron soat foydalanish mumkin. Global tarmoq orqali Yer sharining boshqa qismida bo‘lgan inson bilan bemalol so‘zlashish, samolyotga chipta, mehmonxonadan joy buyurtirish, savdo-sotiq qilish, eng so‘nggi voqealardan xabardor bo‘lish, masofadan turib ishbilarmon sheriklar bilan videokonferensiya o‘rnatish, muzokara o‘tkazish mumkin. Bitmas-tuganmas axborot manbai bo‘lgan internet orqali zarur ilmiy va badiiy adabiyotlarni o‘qiymiz, akkreditatsiyadan o‘tamiz va hokazo.
Mamlakatimizda 2009-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra internetdan foydalanuvchilar 2,6 million nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich salkam to‘rt barobar oshdi. Bugun deyarli har uchinchi yurtdoshimiz internetdan foydalanayotir.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida axborot texnologiyalari barcha sohaga izchil tatbiq qilinmoqda, xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish imkoniyati kengayib, xizmatlar sifati oshib bormoqda.
Bugungi kunga kelib “UZ” segmenti 25 mingga yaqin veb-saytni birlashtirgan domenga aylandi. Operator va provayderlar o‘rtasidagi kuchli raqobat telekommunikatsiya xizmatlari bozorida yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish va narxlar barqarorligini ta’minlash imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 120 dan ortiq internet provayder va operator faoliyati litsenziyalashtirilgan. Ularning har biri mijozlar uchun o‘ziga xos tarif rejasi, aksiya va xizmatlarni taklif etmoqda. Provayderlarning aksariyati trafik uchun to‘lov olmasdan O‘znet tarmoqlari – TAS-IXdan yuqori tezlikda simli foydalanish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Internet va axborot texnologiyalari rivoji xalqimizning dunyoga faol integratsiyalashayotganini anglatsa, ikkinchi tomondan, ulardan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirishni taqozo etmoqda.
Global tarmoq bejiz “jahon o‘rgimchak to‘ri” deb atalmagan. Bugun internet jodusi kishilarni birdek sehrlab qo‘ymoqda. Xavotirli tomoni shundaki, “dunyo do‘koni”da taklif etilayotgan mahsulotlarni sifatli yo sifatsiz, yaxshi yo yomonga ajratish nainki yoshlar, hatto kattalar uchun ham qiyinchilik tug‘dirmoqda.
YuNISEF tomonidan tashkil etilgan so‘rovlar internetdan foydalanadigan 90 foiz bolalar axloqsiz surat va videolarga duch kelishi, 60 foizi bu turdagi axborotni maqsadli ravishda izlaganini ko‘rsatadi.
Ispaniyaning Bolalarni himoya qilish agentligi (“Child Protection Agency”) ma’lumotlariga ko‘ra, internetdan doimiy ravishda foydalanuvchi bolalarning 44 foizi virtual muloqot paytida hech bo‘lmaganda bir marta, 11 foizi bir necha bor ta’qib ostiga olinadi.
AQShda o‘tkazilgan tadqiqotda ma’lum bo‘lishicha, 7-18 yoshdagi bolalarning 80 foizi har kuni elektron pochtasiga virusli fayl qabul qiladi. Kibermakonda sayr qiladigan har beshinchi bola turli tahdidlarga bir marta bo‘lsa-da uchraydi, har to‘rtinchisi yoshiga mos bo‘lmagan axborotni oladi.
Kuzatuvlar ijtimoiy tarmoqlar odamlar ongiga mafkuraviy ta’sir o‘tkazishning g‘oyat o‘tkir quroliga aylanganini ko‘rsatmoqda. Internetdan g‘arazli kuchlar o‘z yovuz manfaatlarini qondirish yo‘lida foydalanishga harakat qilayotgani dunyo jamoatchiligini tashvishlantirmoqda. Bu borada tegishli choralar ko‘rilayotir. Shunga qaramay, global tarmoqda hammani, ayniqsa, bolalarni o‘ziga rom etadigan rang-barang saytlar, jozibador o‘yinlar ko‘paymoqda.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarimizning ongu qalbida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini kuchaytirish, ularning ma’naviy olamini yanada boyitish, turli axborot xurujlariga qarshi immunitetini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Elektron ta’lim” loyihasi doirasida ta’lim muassasalarida axborot-resurs markazlari tashkil etilib, kutubxonalarda saqlanayotgan nodir asarlarning elektron variantlari yaratilmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamkorligida o‘quv dargohlarida tashkil qilingan maxsus loyiha talabalarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
– Loyiha doirasida tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treninglar davomida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan maqsadli foydalanish ko‘nikmamizni, internet orqali bo‘ladigan axborot xurujlari haqida bilim va tushunchalarimizni yanada boyitmoqdamiz, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Nigora Ergasheva. – Bugun internetdan hikmat izlasangiz hikmat, illat qidirsangiz illat topasiz. Shu sabab har birimiz o‘zimizda undan professional darajada foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishimiz kerak. Aniq maqsad bilan komputer oldiga o‘tirgan kishigina vaqtini behuda sovurmaydi, g‘araz niyatli kuchlar tuzog‘iga tushib qolmaydi.
An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “MIT.uz” milliy internet-tanlovi mamlakatimizda sog‘lom axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, internetda milliy segmentni boyitish, yoshlarda mafkuraviy immunitetni hosil qilish, milliy manfaatlarimizga mos saytlarni ko‘paytirish va yosh veb-ixtirochilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad tanlovga taqdim etilgan saytlar mazmuniga qo‘yilgan talablarda ham namoyon bo‘layotir. Jumladan, elektron tizimlar yoshlar auditoriyasining talab va qiziqishlariga mos kelishi, ularning bilim va dunyoqarashini oshirishga qaratilishi, axborot olish madaniyati hamda undan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi kerak. Saytdagi ma’lumotlarning aksariyati yoshlar uchun mo‘ljallanishi, doimiy ravishda yangi materiallar bilan boyitib borilishi, interfaol ruknlar muntazam yangilanib turilishi zarur. Shuningdek, u vizual bezatishning zamonaviy ko‘rinishlari – yuqori sifatli grafika, dizayn, auditoriyaga mos format, ranglar mutanosibligi kabi talablarga javob berishi lozim.
– Tanlovni targ‘ib qilish va yoshlarni kengroq jalb etish maqsadida har bir nominatsiya uchun alohida videorolik, ta’lim muassasalariga yetkazish uchun plakatlar turkumi tayyorlandi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi yetakchi mutaxassisi Bobur Jalolov. – Shu bilan birga, Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi oldidan joylarda uyushtirilgan yoshlar festivallari doirasida “Biz sog‘lom axborot muhiti tarafdorimiz!” shiori ostida tanlovning targ‘ibot aksiyalari o‘tkazildi. O‘ttizdan ortiq oliy o‘quv yurtida yosh dasturchilar, veb-dizaynerlar, internet saytlari mualliflari ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifa ochilib, yoshlarning tanlov haqida o‘zaro fikr almashishiga imkon yaratildi.
Yigit-qizlarni izlanish va tashabbuskorlikka undayotgan mazkur tanlovning nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. O‘tgan yili tanlovga ikki yuzdan ortiq veb-sayt taqdim etilgan bo‘lsa, bu yil www.mit.uz saytining elektron manziliga qabul qilingan arizalar sakkiz yuzdan oshgani loyihaning keng quloch yoyayotganidan dalolatdir.
– Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar o‘n milliondan oshadi, – deydi tanlov g‘olibi, www.fotofakt.uz sayti bosh muharriri Ikrom Avvalboyev. – Bu milliy axborot muhitini yanada sog‘lomlashtirish, dunyo axborot makonida milliy manfaatlarni o‘zida ifoda etgan saytlarni ko‘paytirish nechog‘lik dolzarb ekanini ko‘rsatadi. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda tashkil etilgan saytimizga yoshlarning real hayotini aks ettirgan, sog‘lom axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan qiziqarli xabarlar, ma’lumot va suratlarni joylashtirmoqdamiz. Interfaol ruknlar muntazam yangilanib borilayotgani saytning tez orada yoshlar doimo murojaat qiladigan axborot makoniga aylanishiga sabab bo‘ldi.
Ha, o‘z kelajagini mustahkam poydevor ustiga qurishni, jahonda o‘z o‘rniga, so‘ziga, hayot tarziga ega bo‘lishni istagan xalq farzandlarining ma’naviyati yuksak, ruhi pok, e’tiqodi butun, irodasi baquvvat bo‘lishi uchun kurashadi. Davlatimiz rahbari “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlaganidek, jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Nega deganda, biz yurtimizda ochiq va erkin demokratik jamiyat qurish vazifasini o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘yganmiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz.