Yoshlar bo‘sh vaqtida sport bilan band
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish orqali ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joylarda sportga oshno yoshlar soni ortib bormoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, ularni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalaridan biri sanaladi.
[gallery-6876]
- Mahallamizda ayni paytda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 770 nafarni tashkil etmoqda, - deydi Samarqand shahridagi Anhor mahallasi yoshlar yetakchisi Abdushukur Ismoilzoda. - Yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida agentlik tomonidan belgilangan turli tanlovlar, sport tadbirlari uyushqoqlik bilan o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, 16-30 yoshdagi 227 nafar o‘g‘il-qizning 80 foizi Besh tashabbus olimpiadasiga qamrab olingan. Bundan tashqari, mahallamiz yoshlarini ommaviy sportga jalb etish maqsadida hududdagi 30-umumta’lim maktabida shaxmat-shashka, voleybol, stritbol, stol tennisi kabi sport turlari bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil qilish bilan birga ularni sog‘lom turmush tarziga amal qilishga o‘rgatishdan iborat.
Alisher ISROILOV (surat),O‘zA