Yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahridagi Toshkent kimyo texnologiya institutining Yangiyer shahar filialida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov hamda talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbir avvalida viloyat rahbari filialdagi “O‘zbekiston–Xitoy” ustaxonasi, Til markazi hamda yosh olimlar amalga oshirayotgan ilmiy loyihalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Xususan, talabalardan Islom Turdiqulovning ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan “Plastik polimerlar bioparchalanishini ta’minlovchi qo‘shimcha” nomli loyihasi hokim e’tiborini o‘ziga tortdi. Erkinjon Turdimov mazkur ishni yuqori baholab, uni amaliyotga joriy etish muhimligini ta’kidladi.
[gallery-25269]
Shundan so‘ng viloyat rahbari yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi. Suhbat davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masala va takliflarini ochiq bildirishdi.
– Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, odamlarning yaxshi yashashi uchun kuchli iqtisodiyot zarur. Kuchli iqtisodiyot esa yangi tovarlar, xizmatlar va texnologiyalar orqali barpo etiladi. Buning uchun eng avvalo sifatli, yuqori darajadagi ta’lim bo‘lishi shart. Maqsad faqat diplom olish emas, balki bilim va kasb-hunarni egallash bo‘lishi kerak, – dedi E. Turdimov yoshlarga murojaat qilib.
Uchrashuvda talabalar tomonidan bir qator taklif va tashabbuslar bildirildi. Ular orasida Guliston shahridan filialgacha avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, “Bank soatlari” mashg‘ulotlarini o‘tkazish, yirik tadbirkorlar ishtirokida “Master-klass” darslarini tashkil etish, yosh oilali o‘qituvchilar uchun uy-joy qurish kabi masalalar bor. Shuningdek, muloqotda “Hokim bilan bir kun” loyihasi, yoshlar o‘rtasidagi fan olimpiadalarini ko‘paytirish, bolalar maydonchalarini ta’mirlash, talabalar uchun oziq-ovqat do‘koni va saharlik kafesi ochish takliflari ham bildirildi.
Ayniqsa, talabalar o‘rtasida viloyat hokimi kubogi uchun “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish haqidagi tashabbus E. Turdimovda katta qiziqish uyg‘otdi. Talabalar g‘oliblar uchun 15, 10 va 5 million so‘mlik mukofotlar belgilash taklifini bergan bo‘lsalar, viloyat rahbari bu raqamlarni yanada oshirish kerakligini aytdi.
– Birinchi o‘rin uchun 50 million, ikkinchi o‘rin uchun 30 million, uchinchi o‘rin uchun esa 20 million so‘m ajratiladi. Bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi, – dedi viloyat rahbari.
Uchrashuvda bildirilgan taklif va murojaatlar tinglanib, ayrimlari shu zahoti hal etildi. Muddat talab etuvchi masalalar esa tegishli tashkilotlar rahbarlariga yuklatildi.
Yangiyerda o‘tgan ochiq muloqot yoshlar uchun o‘z g‘oyalarini erkin ifoda etish, amaliy takliflarini yetkazish imkoniyatini berdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/0Mkv75jcsrU?si=bnreaNOK79wlp55Q" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri