Yoshlar bilan ochiq muloqot – taraqqiyot va istiqbollar kafolati
“Navoiy uran” davlat korxonasida yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning taklif va tashabbuslarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Korxona bosh direktori Djamal Fayzullayev yosh mutaxassislar bilan uchrashib, ularning innovatsion g‘oyalari, ishlab chiqarishni takomillashtirishga qaratilgan takliflari hamda mehnat faoliyati davomida uchrayotgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini tingladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning intellektual salohiyati va tashabbuskorligi muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda yosh mutaxassislarning faol ishtiroki kelajak taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi.

– Bugungi uchrashuvda “Yer ostida eritmaga o‘tkazish jarayonida burg‘ilangan so‘rib oluvchi quduqlarda elektr cho‘ktirma nasos agregatlarining qisilib qolishini oldini olish texnologiyasi” loyihasini taqdim etdim, – deydi korxonaning Geotexnologik bo‘limi muhandisi Ozodbek Shukurov. – Bugungi kunda yer ostida eritmaga o‘tkazish texnologiyasi asosida uran qazib olish jarayonida ayrim so‘rib oluvchi quduqlarda elektr cho‘ktirma nasos agregatlarining (ECHNA) qisilib qolishi yoki quduqning ishdan chiqishi holatlari uchrab turibdi. Bu esa qo‘shimcha ta’mirlash ishlarini talab qilib, ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida metall-polimer quvurlari (MPT) yoki 159×4 mm o‘lchamli zanglamas po‘lat quvurlardan foydalanishni taklif etmoqdaman.

Ushbu yechim “Navoiyuran” davlat korxonasining “Zafarobod” kon boshqarmasi 2-sonli geotexnologik konidagi Janubiy Bukinay, Shimoliy Konimex hamda “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni “Zarafshon” geotexnologik konidagi Sugrali, Janubiy Sugrali va Aktau konlaridagi ishchi so‘rib oluvchi quduqlarda qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, uchrashuvda burg‘ilash va texnologik jarayonlardagi quduqlar faoliyatini tahlil qilish, karotaj ma’lumotlarini raqamlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Albatta, bugungi kunda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, xarajatlarni qisqartirish hamda mehnat unumdorligini oshirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Uchrashuvda korxona rahbari har bir amaliy va istiqbolli tashabbus qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlab, ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalarni keng tatbiq etish, amaliy ahamiyatga ega yangi loyihalar sonini ko‘paytirish muhim vazifa ekanini qayd etdi.

Uchrashuv so‘nggida Yoshlar ittifoqi Kengashi raisiga korxonada faoliyat yuritayotgan tashabbuskor yoshlarni to‘liq qamrab olish, ularning takliflarini muntazam o‘rganib borish va yoshlar bilan doimiy hamda samarali muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri