Yoshlar bilan ishlash tizimi: amaliyot va samara
Buxoroda “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimining samaradorligi” mavzusida debat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir "Yuksalish" umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda yoshlar ittifoqi viloyat kengashi mas’ul xodimlari, mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari, yoshlar parlamenti a’zolari, viloyatning faol yoshlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

– Tadbir Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori va unda belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosi holatini tahlil etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Hamza Ro‘ziyev. – Shuningdek, yoshlar oldida turgan muammolarni bevosita quyi bo‘g‘inda ya’ni mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganishdir.

Tadbirning asosiy qismida yoshlar ikki guruhga bo‘linib, mavzu doirasidagi masala va ushbu tizimning bugungi kundagi yutuq hamda kamchiliklari, muammolarini muhokama qildi. Qizg‘in, bahslarga boy o‘tgan tadbir so‘ngida muhokama, munozaralardan kelib chiqib mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi faoliyatini kuchaytirish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Zarif Komilov, O‘zA