Yoshlar bandligini ta’minlash – dolzarb masala
Andijonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, o‘z imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘maklashish, ayniqsa, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda viloyat aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ular orasidagi ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik viloyat boshqarmalari hamkorligida barcha tuman va shaharlarda zarur ishlar olib borilmoqda.
Xonobod shahrida ishsiz yoshlarni o‘ziga munosib, o‘zlari qiziqqan ish bilan ta’minlash, munosib ish sharoitlarini yaratishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, shahar hokimi tashabbusi va rahbarligida 100 nafarga yaqin bitiruvchi hamda ishsiz yoshlar shaharning Yangi hayot mahallasida joylashgan, “Evita” brendi ostida mineral ichimlik suvi ishlab chiqarayotgan “Water Life Mineral” mas’uliyati cheklangan jamiyati, shuningdek, shahardagi “Oltin vodiy tekstil” ishlab chiqarish korxonasiga sayohat tashkil etildi.
[gallery-24238]
Sayohat davomida ishtirokchilarga har ikki korxonadagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi, mehnat sharoitlari, yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Sayohat yakuni bo‘yicha 7 nafar yosh ana shu korxonalarga ishga joylashtirildi.
Ana shunday tadbirlardan biri Marhamat tumanida tashkil etildi. Tumandagi ishsiz yoshlar Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ldi.
Yoshlar sanoat hududidagi Xitoy kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan qalampir mahsulotlarini qayta ishlash, qalampirdan sanoatda bo‘yoq ishlab chiqarish korxonasi, shuningdek, isitish tizimlari uchun batareyka va boshqa qurilmalar ishlab chiqaruvchi zavod faoliyati, ushbu korxonalardagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘rgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.
Tadbirda qatnashgan ko‘plab yoshlar mazkur korxonalarda ishlash, daromad topish istagini bildirdi. Ularga ishga joylashish tartiblari haqida ma’lumotlar berildi.
Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.