Yoshlar bandligi masalasi qanday hal etilmoqda?
O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 9 mingga yaqin mahallalarda 18-30 yoshdagi 5 million 451 ming nafardan ziyod ishsiz yoshlar bilan muloqot o‘tkazildi.
Yoshlar bilan olib borilgan o‘rganishlar natijasida 648 ming 494 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar, psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj yoshlar hamda ishsiz yoshlar kabi 4 toifa bo‘yicha “Yoshlar daftari”ga kiritildi.
bugungi kunga qadar ushbu ro‘yxatga kiritilgan yoshlarning 15 ming 61 nafari ishga joylashtirildi. 3 ming 222 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 6 ming 188 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. 11 ming 20 nafar yoshlar “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida tadbirkorlarga, 2 ming 491 nafari esa "Ustoz-shogird" an’anasi doirasida usta-hunarmandlarga biriktirish orqali bandligini ta’minlandi. 15 ming 691 nafarining ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolari hal etildi.
– 2021 yilda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlashning ustuvor vazifalari belgilab olindi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi bosh mutaxassisi Muhammadbobur Manasov. – Xususan, 277 ming 340 nafar yosh korxona-tashkilotlarga ishga joylashtiriladi, 103 ming 95 nafarining tadbirkorlikka ko‘maklashish orqali bandligi ta’minlanadi. 77 ming 900 nafari kasb-hunarga o‘qitiladi. 68 ming 272 nafari "Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor" tamoyili asosida tadbirkorlarga, 34 ming 867 nafari esa "Ustoz-shogird" an’anasi doirasida usta-hunarmandlarga biriktirish orqali bandligi ta’minlanadi. 117 ming 17 nafarining ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammosini hal etishga ko‘maklashiladi. Bundan tashqari, hududiy va mahalliy hokimliklar qoshida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini hal qilishga ko‘maklashish uchun “Yoshlar jamg‘arma”lari tashkil etilgan. Ushbu jamg‘armalarga joriy yil 113 milliard 526 million so‘m pul mablag‘i ajratilgan.
2021 yilda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida ko‘ngilli tadbirkorlarni jalb etgan holda yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida 1 nafar tadbirkorga 1 nafar yoshni ma’lum muddatga biriktirish orqali jami 500 ming ish o‘rni yaratilmoqda.
Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish maqsadida har bir tuman, shaharlarda “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etilmoqda. Bunda, “Yoshlar kichik sanoat zonalari”da yoshlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘ladigan barcha infratuzilma ob’ektlarini joylashtirish, ushbu zonalarda ishlab chiqarish binolarini qurib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida berish hamda soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu kichik sanoat zonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etilib, unga xalqaro moliya institutlari grant va kreditlari hisobidan 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.
– Yoshlarga garov ta’minotisiz 33 million so‘mgacha bo‘lgan kredit 3 yil muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan beriladi, – deydi Muhammadbobur Manasov. – Yuridik shaxslarga esa 225 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA