Yosh tennischilar “Mahalla kubogi”da bellashdi
Namanganda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan 13-16 yoshli o‘smir yigit va qizlar o‘rtasida tashkil etilgan stol tennisi bo‘yicha Respublika turnirining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur an’anaviy musobaqada shahar va tumanlar bosqichlarida saralangan o‘ttizga yaqin yosh sportchilar mikst yo‘nalishida bellashdi.
– Viloyatimizda yosh o‘g‘il-qizlarni sportga qiziqtirish asnosida stol tennisi bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Buning uchun zamonaviy sport majmualarida zarur jihozlar mavjudligi e’tiborga molik, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Jobirxon Shokirov. – “Mahalla kubogi” musobaqalari shuni ko‘rsatdiki, mahallalardan yetishib chiqayotgan iqtidor sohiblari ana shu sport seksiyalariga jalb etilib, o‘z mahoratini namoyon qilishiga katta turtki bermoqda. Bu borada ommaviy sport musobaqalari alohida o‘rin tutadi.

Musobaqaning har bir uchrashuvi o‘ziga xos raqobat ruhida o‘tdi, natijada raqiblaridan abjirligi bilan ajralib turgan Yangiqo‘rg‘on va Davlatobod hamda To‘raqo‘rg‘on va Chust tumani jamoalari yarim finalda to‘qnash kelishdi. Ushbu qarama-qarshiliklarda ustun kelgan Chust va Davlatobod tumanlari “Mahalla kubogi”ning viloyat bosqichi g‘olibligi uchun kurashdi.

Final o‘yinida zafar quchgan chustliklar musobaqaning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Davlatobodlik yosh tennischilar ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, To‘raqo‘rg‘on va Yangiqo‘rg‘on jamoalari faxrli uchinchi pog‘onadan joy oldi.
G‘olib va sovrindor yosh havaskor sportchilarga “Mahalla” fondi Namangan viloyati bo‘limining diplom hamda esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA