Yosh tadbirkorlar uchun imkoniyat
Termizda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” I respublika yosh tadbirkorlar biznes-forumining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Termizda “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi: holati va istiqbollari” I respublika yosh tadbirkorlar biznes-forumining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni ushbu sohaga keng jalb etishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan an’anaviy o‘tkazilayotgan “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostidagi yosh tadbirkor, fermer va hunarmandlar ko‘rgazmasi ularni munosib qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Mening biznes g‘oyam” kabi tanlovlar o‘g‘il-qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish, yoshlarning orzu-istaklarini ruyobga chiqarishda muhim omil bo‘layotir. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qoshida faoliyat yuritayotgan “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi xususiy sektorga qadam qo‘yayotgan yoshlarga biznes-reja tuzishda amaliy yordam ko‘rsatib, ularning tijorat banklaridan kredit olishiga yaqindan ko‘maklashmoqda. Joriy yilda kollejni bitirgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan o‘g‘il-qizlarga 12 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgani buning yorqin tasdig‘idir.
– Mamlakatimizda ilk marta tashkil etilayotgan biznes-forum ham ana shunday ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan e’tiborlidir, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Surxondaryo viloyati kengashi raisi Anvar Rahmonov. – Mazkur tadbir yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, qulay ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash hamda yutuqlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sohada faoliyat yuritayotgan davlat va nodavlat tashkilotlarini ijtimoiy sheriklik asosida birlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Ishtirokchilar soliq, bojxona va xususiy korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq imtiyozlar, moliya muassasalaridan kredit olish tartiblari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilish va boshqa masalalarni atroflicha tahlil qilib berdi.
– Biz, yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha qulaylik yaratilgan, – deydi Qiziriq tumanidagi “Mo‘tabar” oilaviy korxonasi rahbari Shuhrat Xurramov. – Oilaviy korxona tashkil etganimizga endi bir yildan oshdi. Tijorat bankining imtiyozli kredit mablag‘i evaziga tikuvchilik-bichuvchilikni yo‘lga qo‘ydik va 12 xotin-qizni ish bilan ta’minladik. Ushbu tadbirda oilaviy korxonalarga berilgan imtiyozlar xususida yanada ko‘p ma’lumotga ega bo‘ldim.
Ijtimoiy faol, tahliliy fikrlash qobiliyati va mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega 10 nafar yosh tadbirkor saralanib, biznes-forumning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Faol ishtirok etgan bir guruh yosh tadbirkorlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashining maxsus diplom va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.