Yosh tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Navoiyda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ularning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Navoiyda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ularning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi, tijorat banklari va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh tadbirkorlar safini kengaytirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imtiyoz va qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Yoshlarning istiqbolli g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilayotgan turli tanlovlar bunda muhim omil bo‘lmoqda.
Navoiy viloyatida 2014-2015 o‘quv yilida kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga tijorat banklari tomonidan 17 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. 1 ming 500 nafar yosh tadbirkor o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan yosh tadbirkorlar uchun kreditlar ajratish tartibi, soliq imtiyozlari, tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishdagi yengilliklar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
– Bugun seminarda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari tomonidan “yagona darcha” tamoyili asosida yaratilgan qulayliklar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldim, – deydi Navoiy texnika-iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Firdavs Fayzullayev. – Men ham kollejni bitirgach, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni maqsad qilganman. Chunki buning uchun bizda barcha sharoitlar mavjud.