Yosh tadbirkorlar bilan uchrashuv
Poytaxtimizda yosh tadbirkorlar, biznes trenerlar va “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi koordinatorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Poytaxtimizda 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida yosh tadbirkorlar, biznes trenerlar va “Yosh tadbirkor” konsultativ markazi koordinatorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi va Respublika yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda mazkur farmon yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
Yoshlarda tadbirkorlikka oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularning bandligini ta’minlash, imtiyozli mikrokreditlar olishida ko‘maklashish, uy mehnati va kasanachilikni, ishlab chiqarishni rivojlantirishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Mening biznes g‘oyam” va “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihalarining ahamiyati katta bo‘layotir.
Tajribali tadbirkorlar o‘z yutuqlari va hozirgi kunda sohaga qaratilayotgan katta e’tibor to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi. Mutaxassislar yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunlar, biznes-reja tuzish va uni amalga oshirishda bank kreditlaridan foydalanish kabi masalalar yuzasidan tushuncha va tavsiyalar berdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.