Yosh stol tennischilarimiz Osiyo chempionatida
Tailandning Bangkok shahrida U15 va U 19 jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi XXX Osiyo chempionati qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Chempionatning jamoaviy bahslarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston U15 o‘g‘il bolalar jamoasi 1/8 final bahsida Qozog‘iston terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning chorak final bosqichiga yo‘l oldi.
Kecha o‘tkazilgan yarim final yo‘llanmasi uchun kechgan shiddatli o‘yinda O‘zbekiston U15 o‘g‘il bolalar jamoasi nafaqat Osiyoning, balki dunyoning eng yetakchi jamoalaridan biri Janubiy Koreya stol tennischilari bilan kuch sinashdi.

Shiddatli o‘tgan bahsda hamyurtlarimiz Janubiy Koreya terma jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berib, qit’a birinchiligini 5-o‘rin bilan yakunladi.
Yoshlar o‘rtasida XXX Osiyo chempionatining U19 yosh toifasida ishtirok etayotgan O‘zbekistonning U19 o‘g‘il bolalar terma jamoasi musobaqaning 1/8 final bosqichida Singapur terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv 0:3 hisobida singapurliklarning ustunligida poyoniga yetdi va bu, U19 o‘g‘il bolalar terma jamoamiz jamoaviy bahslardagi ishtirokini 1/8 final bosqichida to‘xtatishiga olib keldi.

Bugun, 30-iyun kuni o‘tkaziladigan U15 va U19 aralash juftlik bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 30-Osiyo chempionatining 1/32 final bahsida o‘z ishtirokini boshlaydi.
Shuningdek, bugun chempionat dasturiga binoan U15 yosh toifasida yurtimiz stol tennischilaridan Lochinbek Abduhalilov, Alixon Kamolov, Husayn Iskandarov, Rahmatillo Abdurashidov, E’zoza Xo‘rozova, Munisa Masharipova, Dilnavoz Omonova va Adelina Hasanova yakkalik bahslarida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Chempionat 5-iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA