Yosh sportchilar bahslashdi
Mamlakatimiz aholisining turli qatlami, xususan, yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, sport biz uchun qalb ehtiyoji, ruhiy kayfiyat tantanasiga aylanadi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida sog‘lom turmush tarzi naqadar muhim ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.

“Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limi boshqaruvi hamda Xiva shahar 121-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan shaxmat, shashka va armrestling bo‘yicha ochiq birinchiligi ham ana shu ezgu maqsadga qaratildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi sovrini uchun o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur musobaqada 2007-2009 yillarda tug‘ilgan yosh sportsevarlar hamda 2002-2004 yillarda tug‘ilgan havaskor sportchilar armrestling bo‘yicha o‘zaro bahs olib bordi.

Tadbir yakunida musobaqa g‘olib va sovrindorlariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limi boshqaruvi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA