“Yosh saylovchi” aksiyasi tashkil etiladi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida “Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” mavzusidagi “Yosh saylovchi” aksiyasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi mutasaddilari hamda faollari, “Tokio-2020” olimpiadasi sovrindorlari, bir guruh yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Brifing noan’anaviy tarzda boshlanib, “Tokio-2020” olimpiadasining oltin medali sohibi Bahodir Jalolov so‘zga chiqdi hamda barcha O‘zbekiston yoshlarini oldimizda turgan muhim siyosiy jarayon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chorladi. “Chunki ushbu saylov bizning ertamiz, kelajagimiz bilan bog‘liq. Shuning uchun har birimiz faol bo‘lib, o‘zimiz uchun, kelajagimiz uchun ovoz berishimiz kerak”, dedi boks bo‘yicha jahon chempioni.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Shavkat Zayniddinov so‘zga chiqib, bu yil mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi, bu jarayonda yurtimiz yoshlari faol ishtirok etishi lozimligi, buning uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini, tayyorgarliklar qizg‘in ketayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy sohani rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarining mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish, ularning ijtimoiy-siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, saylov jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlash maqsadida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylari davomida “Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” mavzusida yoshlar aksiyasini o‘tkazish belgilandi.
Mazkur aksiya doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator loyihalar amalga oshiriladi.
[gallery-3459]
Jumladan, yoshlarning elektoral madaniyatini yuksaltirish, huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlash, saylov jarayonlaridagi faolligini oshirishga qaratilgan “Yoshsaylovchi.uz” elektron platformasi tashkil etilib, ayni paytda test rejimida ishga tushirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — butun O‘zbekiston yoshlarini birlashtirish, ularni o‘z saylov huquqlaridan foydalanib, Prezidentlik saylovida faol ishtirok etishga targ‘ib qilish, shuningdek, viloyat, tuman va mahallalar bo‘yicha yoshlarning bu jarayonda qay darajada ishtirok etayotganini kuzatib borishdan iborat.
— “Yoshsaylovchi.uz” elektron platformasi mamlakatimizdagi saylov jarayonlarida birinchi marta amaliyotga tatbiq etilayotgan muhim yangiliklardan biridir, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Sherzod Olimov. — bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 18 milliondan ortig‘i, ya’ni 54 foizini yoshlar tashkil etadi. Ularning 7,5 millionga yaqini 18 yoshdan yuqori, saylov huquqiga ega bo‘lgan yoshlardir. 837 ming 952 nafar yigit-qiz esa birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadi. Bu esa saylovchilar kontingentida yoshlar eng katta kuch ekanligini ko‘rsatadi. Shu bois ham ushbu siyosiy jarayonda yoshlarning faolligini, huquqiy madaniyatini oshirish muhim masalalardan hisoblanadi. Bunda “Yoshsaylovchi.uz” elektron platformasi bizga katta yordam beradi.
Brifingda “Yoshsaylovchi.uz” elektron platformasining imkoniyatlari batafsil tushuntirildi. Shuningdek, yoshlar aksiyasi doirasidagi loyihalar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur oylik doirasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini namunali tarzda tashkil etish maqsadida “Yosh targ‘ibotchilar” guruhi shakllantirilib, 110 mingdan ortiq ko‘ngilli yoshlar jalb etilgan. Targ‘ibot guruhi a’zolarining ijtimoiy-siyosiy bilimlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv-seminarlar, vebinarlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Qayd etilganidek, “Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” aksiyasining yuqori saviyada o‘tishiga hissa qo‘shgan faol yoshlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar so‘z olib, yoshlar aksiyasining ahamiyati, mazkur saylovning mamlakatimiz va har bir fuqaro hayotidagi o‘rni va ahamiyati, saylov jarayonlarida yoshlarning ishtiroki haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, hududlardan onlayn tarzda ishtirk etgan yoshlar vakillari o‘z regionlarida saylovga qay tarzda tayyorgarlik ko‘rilayotgani, yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida ham to‘xtalib o‘tishdi.
Brifingda barcha yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etib, o‘z kelajagi uchun saylov huquqidan foydalanishga chaqirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA