Yosh polvonlarimiz muvaffaqiyati
Boku shahrida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda O‘zbekiston sportchilari to‘rtta oltin va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Boku shahrida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda O‘zbekiston sportchilari to‘rtta oltin va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning erkin kurash bellashuvlarida vazni 46 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida Rustam Jo‘rayev barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. G‘ulom Abdullayev, Abbos Rahmonov va Hasan Rahimov ham o‘z vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Muhammadali Obidjonov va Husan Rahimov bronza medal bilan taqdirlandi.
Rossiyaning Kaliningrad shahrida erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlik erkin kurash ustalari ikkita kumush va uchta bronza medalga sazovor bo‘ldi. O‘ndan ziyod davlatdan polvonlar ishtirok etgan turnirda Mahmud Shavkatov va Temur Usmonoxunov o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Davlat Ismatov, Sirojiddin Hasanov va Bahodir Aslonov bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Rostov-Don shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha 1998-1999-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan turnirda Doston Tursunboyev vazni 42 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘z vazn toifasida Abubakr Alimov va Temur Mamajanov uchinchi bo‘ldi.