Yosh oilalarga – “Kamolot” uylari
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yosh oilalar uchun bunyod etilgan “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yosh oilalar uchun bunyod etilgan “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlar, xususan, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
– “Kamolot” uylarining imtiyozli shartlar asosida yosh oilalarga taqdim etilayotgani yoshlarni qo‘llab-quvatlash va oila mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsadlarga xizmat qilish bilan birga, ularning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda, – deydi tumandagi “Xadichaxon aya” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Xalchaxon Mirzayeva. – Butun dunyoda uy-joy masalasi dolzarb muammo bo‘lib turgan bir paytda bizning yurtimizda yosh oilalarga bunday alohida e’tibor qaratilib, zamonaviy uy-joylar qurib berilayotgani har qancha tahsinga sazovordir.
“O‘zsanoatqurilishbank”ning 2 milliard 350 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan qurilgan to‘rt qavatli turar joy binosining uch va to‘rt xonali o‘ttiz ikki xonadoni kalitlari fan, san’at, adabiyot va sport yo‘nalishida yuksak natijalarga erishgan yosh oilalarga topshirildi.
– Uyning uzoq muddatli ipoteka krediti asosida berilgani biz, yoshlar uchun otalarcha g‘amxo‘rlik va ulkan imkoniyatdir, – deydi yangi uy sohibi, belbog‘li kurash bo‘yicha ikki karra Osiyo va jahon chempioni Rustamjon Umarov. – Turmush o‘rtog‘im bilan uy-joy qurish tashvishidan qutuldik. Endi o‘z ustimizda izlanib, farzandlarimizni yetuk insonlar etib tarbiyalash, el-yurtga ko‘proq naf keltirishdek oliy maqsadlar bilan yashaymiz. Bunday imkoniyatlar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi B.Yusupov so‘zga chiqdi.