Yosh ofitserlar osoyishtalik yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi
Ichki ishlar organlarini zamonaviy bilim va yuksak kasbiy salohiyatga ega, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan kadrlar bilan ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Ana shu ezgu maqsadlar O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga maxsus unvon berish hamda ichki ishlar organlari xodimining xizmat qasamyodini qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali marosimda yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Marosimda kadrlar tayyorlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar, ta’lim jarayonining zamonaviy talablar asosida takomillashtirilgani hamda nazariya va amaliyot uyg‘unligi o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi huquqiy bilim bilan bir qatorda yuksak mas’uliyat hissiga ega, mustaqil qaror qabul qila oladigan va zamonaviy tahdidlarga munosib javob beradigan ofitserlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Bitiruvchilarga «leytenant» unvoni tantanali ravishda topshirildi. Ta’kidlanganidek, mazkur unvon davlat va xalqning yuksak ishonchi, qonunga sadoqat hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi katta mas’uliyat timsolidir. Endi yosh ofitserlar zimmasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamiyatda qonuniylikni mustahkamlashdek sharafli vazifalar turibdi.

Xizmat qasamyodining qabul qilinishi yosh ofitserlar uchun Vatanga sadoqat, xalq ishonchini oqlash va xizmat burchini vijdonan ado etishga berilgan hayotiy ahd sifatida e’tirof etildi.
Ichki ishlar organlari safiga qo‘shilgan yangi avlod ofitserlari yurtimizda qonun ustuvorligi, jamoat xavfsizligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida munosib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA