Yosh hakam va mutaxassislarga maxsus sertifikat topshirildi
Poytaxtimizda boks hakamlari va musobaqa rasmiylari faoliyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar mashg‘ulotlari o‘z yakuniga yetdi.
Seminar mashg‘ulotlarini AIBAning tajribali instruktorlari Endryu Koulfild (Shotlandiya) va Igor Biletskiy (Ukraina) olib borishdi.
Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar jarayonida o‘tgan musobaqalar, janglar tahlil qilindi, o‘zbek boksida faoliyat ko‘rsatayotgan hakam va mutaxassislarning yutuq va muammolari ko‘rsatib o‘tildi. Seminar yakunida tajribali instruktorlar imtihonidan o‘tgan yosh mutaxassislarga maxsus sertifikat taqdim etildi.

E’tiborlisi, endi ushbu sertifikat olgan, seminar mashg‘ulotlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik mutaxassislar dunyoning 8 nafar uch yulduzli hakamlari qatorida joriy yilning 8-14 dekabr kunlari Toshkent shahridagi “Universal” sport majmuasida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bahslarini boshqarib borishda ishtirok etadi.
O‘zbekiston chempionatining bosh hakami etib Bahodir Jumanazarov belgilangan. Musobaqalar jarayonida O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan joriy qilingan yangi strategiyaga binoan AIBAning ikki nafar istruktori har bir hakamning hatti-harakatini baholab boradi.

Bugun, 7 dekabr kuni chempionatda qatnashadigan jamoalar Toshkentga yetib kelishadi. Respublikamizning turli hududlaridan 500 nafarga yaqin bokschi (erkaklar 13 ta, ayollar 12 ta vazn toifasida) medallar uchun kurash olib boradi.
Ahamiyatlisi, olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni Bahodir Jalolov hamda jahon chempioni Shahobiddin Zoirovdan tashqari barcha mashhur bokschilar O‘zbekiston chempionatida qatnashishi kutilmoqda.
Bugun musobaqa oldidan “Universal” sport majmuasida mandat komissiyasining yig‘ilishi va qur’a tashlash marosimlari bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA