Yosh gimnastikachilar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi
Gimnastika — nafosat, aniqlik va yuksak mahorat uyg‘unlashgan sport turi. Unda har bir harakatda nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki musiqa ohangi, harakatlar mutanosibligi va sahna madaniyati ham namoyon bo‘ladi. Sirdaryoda o‘tkazilgan navbatdagi musobaqa esa yosh gimnastikachilar uchun o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish va yangi tajriba orttirish maydoni bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan badiiy gimnastika bo‘yicha Sirdaryo viloyati kubogi musobaqasi o‘tkazildi.
Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi hamda viloyat Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi hamkorligida tashkil etilgan bellashuvda viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan yosh gimnastikachi qizlar ishtirok etdi.
[gallery-31082]
Musobaqa davomida ishtirokchilar sportdagi mahorati, jismoniy tayyorgarligi, harakatlar aniqligi va sahnada o‘zini tutishi bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar. Murakkab elementlarni mahorat bilan bajarish, harakatlarni musiqa ohangiga uyg‘unlashtirish va chiqishlarni yuqori darajada namoyish etish uchun har bir sportchi bor kuchini ishga soldi.
Ayniqsa, yosh gimnastikachilarning ishtiyoq va qat’iyati bellashuvlarga alohida ruh bag‘ishladi. Zero, badiiy gimnastikada kichik bir harakatning aniq bajarilishi ham yuqori natija uchun muhim ahamiyatga ega.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Sirdaryo viloyati Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchilari jamoaviy hisobda birinchi o‘rinni egallashdi. Keyingi o‘rinlar Sardoba va Xovos tumanlarining yosh gimnastikachilariga nasib etdi.
Musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki yosh sportchilarning tajribasini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va badiiy gimnastikaga qiziqishni yanada kengaytirish nuqtai nazaridan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Bellashuvlar yakunida yuqori natija qayd etgan sportchilar va jamoalar munosib taqdirlandi. Yosh gimnastikachilarga kelgusidagi musobaqalarda yanada yuksak natijalarga erishish, viloyat va mamlakat sharafini munosib himoya qilishlarida muvaffaqiyatlar tilandi.
Bugun musobaqa maydonida o‘z mahoratini namoyish etgan bu qizlar ertaga katta sport arenalarida Sirdaryo sharafini himoya qilishi mumkin. Eng muhimi, bunday bellashuvlar ularga o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rish, kamchiliklarini anglash va yangi marralar sari intilishlari uchun saboq bo‘ladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA