Yosh eksportchilar uchun o‘quv-seminar
Sirdaryo tumanining Intilish mahallasida Yoshlar ishlari agentligi hamda Yosh fermerlar kengashi tomonidan “Yosh eksportchilar” loyihasi doirasida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Unda uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga keng jalb etish, yosh fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish orqali yoshlar bandligini ta’minlash, ular uchun ajratilgan yer maydonlarida serdaromad mahsulotlar yetishtirish, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlab eksportga yo‘naltirish, oila byudjeti, ro‘zg‘or to‘kinchiligiga xizmat qiladigan loyihalar, uni ishlab chiqish uchun nimalarga ahamiyat qaratilishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shuningdek, yoshlar ishtirokida eksport bozorlarini o‘rganish, xalqaro shartnomalar tuzish, mahsulotlarni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalarida amaliy mashg‘ulot ham o‘tkazildi.
O‘quv-seminar jarayonida xorijiy tillarni o‘zlashtirgan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan 120 nafar, qishloq xo‘jaligi sohasiga qiziqishi bois yer olgan 80 nafar yosh hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga treninglardan javob olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri