Yosh ekologlarning bilimlari boyitildi
Bugungi kunda aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish, bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini boyitish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki hayotimizda, kundalik turmushimizda turli ekologik muammolar xavfi ortib borayotgan ayni paytda aholi vakillarining tabiatga munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ekologiyaga nisbatan mas’uliyatini oshirish muhim.
Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi "Yosh ekologlar" qanoti tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan "Eko volontyorlar" loyihasi doirasidagi targ‘ibot-tushuntirish ishlari yosh yigit-qizlarning atrof-muhitga nisbatan mehri va mas’ulligini oshirish, ekologik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.
Loyihaning ikkinchi mavsumi doirasida partiya Markaziy kengashida navbatdagi amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistondagi ekologik muammolar, ularni hal etishda jamoat tashkilotlarining o‘rni, shuningdek, ekologiya va inson salomatligi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

"Ekolog.uz" rahbari, taniqli ekojurnalist Nargiza Qosimova “Ekolog” jamoat birlashmasi ekologik muammolarga qarshi qanday kurash olib borayotgani, birlashma faoliyatida duch kelinayotgan ekologik holatlar haqida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berdi.
Jonli va ochiq muloqot davomida ekologik muammolarga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish va bu borada jamoat tashkilotlarining amaliy faoliyati haqida fikr almashildi.

Shuningdek, amaliy tadbir mobaynida “Salomatlik va ekologiya: birinchi yordam ko‘rsatish” mavzusida amaliy mashg‘ulotlar o‘tildi. Toshkent davlat tibbiyot universitetining 6-kurs talabalari, "Salomatlik volontyorlari" koordinatorlari Ilyosbek Tojialiyev va Abdulaziz Abduhamidov ishtirokchilarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur ma’lumot va amaliy tavsiyalarni berdi.
M.Komilova,
O‘zA