Yosh dzyudochilarimiz Osiyo ochiq kubogida 71 ta medalni qo‘lga kiritdi
Poytaxtimizdagi "Olimpiya shaharchasi"da marhum Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi o‘z yakuniga yetdi.
To‘rt kun davom etgan “Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026” musobaqasida dunyoning 10 dan ortiq davlatidan kelgan qariyb 1500 nafar iqtidorli sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Quvonarlisi, musobaqaning har ikki yosh toifasida ham O‘zbekiston terma jamoalari mutlaq ustunlikni namoyon etdi. Jumladan, kadetlar terma jamoamiz 13 ta oltin, 9 ta kumush va 16 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Iskandar Rasulov rahbarligidagi yoshlar terma jamoasi 9 ta oltin, 9 ta kumush va 15 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, mamlakatimiz vakillari musobaqani jami 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, umumiy hisobda esa 71 ta medal bilan yakunlab, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA